O‘tgan tunda Tehron shahridan Pekinga parvoz qilgan Eronning Mahan Air aviakompaniyasi samolyoti yo‘lovchilarning birida yurak xuruji tutgani sababli Toshkent aeroportiga qo‘nishga majbur bo‘lgan, deb yozmoqda RIA Novosti Uzbekistan Airports vakili bergan ma’lumotga tayanib.
“Tehron – Pekin yo‘nalishi bo‘yicha IRM079 reysini amalga oshirayotgan Eronning Mahan Air aviakompaniyasiga qarashli samolyot Toshkentda majburiy qo‘nishni amalga oshirdi”, – deyiladi Uzbekistan Airports tarqatgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, ekipaj yurak xuruji tutgan yo‘lovchi sababli zaxiradagi aerodromdan foydalanishga qaror qilgan.
Havo kemasini yerga qo‘ndirish halokat rejimida amalga oshirilgan, tez yordam mashinasi yo‘lovchini samolyot trapidayoq olib ketgan va mahalliy shifoxonalarning biriga joylashtirgan, deyiladi xabarda.