Bugun Xitoyning Yanlin shahrida dunyoning qirqdan ziyod mamlakatlaridan kelgan davlat arboblari, taniqli kompaniya egalari, olimlar ishtirokida kambag‘allikni qisqartirish masalasiga bag‘ishlangan forum bo‘lib o‘tmoqda. Uning doirasida O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov SHHTdagi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik Xitoy qo‘mitasining raisi Shen Yueyue xonim bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida Shen Yueyue O‘zbekiston Prezidentining Xitoyga davlat tashrifi va “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammitidagi ishtiroki chog‘ida o‘zaro hamkorlik borasida bildirgan fikrlari hamda munosabatlarni mustahkamlash yuzasidan kiritgan takliflarini yuqori baholadi.
–O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yetakchi davlatigina emas, samimiy do‘st sifatida hurmatga munosibdir. Men bu qadim yurtda ro‘y berayotgan islohotlarni mamnunlik bilan kuzatib boryapman, – dedi u. – Biz ijtimoiy sohalarda ham hamkorlik, o‘zaro tajriba almashishni rivojlantirishimiz lozim.
Ikki mamlakat iqtisodiy munosabatlariga to‘xtalar ekan Jamshid Qo‘chqorov Xitoy – O‘zbekiston tovar aylanmasi tashqi aloqalarda eng yuqori o‘ringa chiqqanini ta’kidladi va bunday natijaga davlatimiz rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpin imzolagan shartnomalar, belgilab bergan dasturlar tufaylidir, dedi.
–Biz yaqinda Xitoyning uchta provinsiyasida bo‘lib, kambag‘allikni qisqartirish tajribasi bilan tanishdik. U kelgusida biz qo‘llashimiz uchun tayyor loyiha bo‘lyapti, – dedi Bosh vazir o‘rinbosari. – Siz ta’kidlaganingizdek, ijtimoiy, madaniy sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishdan O‘zbekiston ham manfaatdordir.
Uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Muhammadjon Obidov,
Xitoy, Yanlin shahri.
O‘zA