O‘zbekiston eksperti jahon matbuotida
Xitoyda ingliz tilida 1,5 million nusxada chop etilib, butun dunyoga tarqatiladigan kundalik mashhur “Global Times” gazetasida taniqli davlat va jamoat arbobi, diplomat, atoqli olim, proffesor Saidmuxtor Saidqosimovning “Xitoy – Markaziy Osiyo” sammitiga bag‘ishlangan intervyusi e’lon qilindi.
Dunyoda parchalanish tendensiyasi kuchayib borishi xavfi yuzaga kelgan bir paytda Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash ruhining ustuvorligiga bag‘ishlangan materialda Sianda o‘tgan birinchi sammit eng yirik diplomatik tadbirlardan biri – shubhasiz, jahon siyosati va xalqaro munosabatlardagi ulkan ijobiy voqea bo‘lganiga urg‘u qaratilgan.
– Yuqori darajadagi yig‘ilishning global ahamiyati o‘zaro ishonchni, manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, Osiyodagi katta mintaqa doirasida xalqlarni yaqinlashtirish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi, – deyiladi maqolada. – Sammit qadimiy Sian shahrida o‘tkazilgani chuqur ramziy ma’noga ega. Hikoyatlarga ko‘ra, mashhur Ipak yo‘li shu yerdan boshlangan. Shahar hozir savdo, iqtisodiyot, energetika, fan kabi sohalarda rejalashtirilgan yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirish uchun Markaziy Osiyo bilan hamkorlikning asosiy markazi sifatida ko‘rilyapti.
Muallif, shuningdek, Xitoy ko‘p yillardan buyon mamlakatimizning asosiy iqtisodiy hamkorlaridan biri mavqeini mustahkam egallab kelayotganiga urg‘u bergan. Davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo kelishuvga erishilgani, ikki mamlakat kompaniyalari ishtirokida sanoat kooperatsiyasi, infratuzilmani modernizatsiya qilish, shuningdek, transport, farmatsevtika, telekommunikatsiya, qo‘shma yuqori texnologiyali sanoat parklari tashkil etish loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani qayd etilgan.
Darhaqiqat, so‘nggi 30 yil ichida O‘zbekiston va XXR o‘rtasidagi strategik sheriklik jadallashib, barqaror tus oldi. Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli mahsulot ayirboshlash miqdori 140 barobar oshgan. Xitoyning iqtisodiyotimizga kiritgan sarmoyasi 2017 yildan boshlab besh barobar ortgan.
S.Saidqosimov intervyusida o‘quvchilar diqqatini Xitoyning keng ko‘lamli islohotlari, tarixiy yutuqlari, jahonning ikkinchi yirik iqtisodiyoti sifatida erishayotgan muvaffaqiyatlari Markaziy Osiyoda jiddiy qabul qilinishiga jalb etgan.
– “Xitoy modernizatsiyasi” konsepsiyasi hayotga muvaffaqiyatli tatbiq qilinishi insoniyat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi tub yangi, integratsiyalashgan model shakllanishiga olib keladi, – deydi ekspert.
Yana bir muhim jihat: professor maqolada “Xitoy – Markaziy Osiyo” hamkorligi formati, shubhasiz, mintaqada ishonchli xavfsizlik va barqarorlikni birgalikda qo‘llab-quvvatlash, terrorizm, separatizm, ekstremizm, giyohvand moddalar savdosi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, kiber jinoyatchilikka qarshi kurashda yaxshi samara berishiga ishonch bildirgan.
O‘zA muxbiri
Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.