Senat yalpi majlisini kirish so‘zi bilan ochgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan muhim siyosiy tadbir – umumxalq referendumi yuqori saviyada o‘tkazilganiga alohida to‘xtaldi.

– 1 maydan yangi Konstitutsiya kuchga kirdi. Ushbu hodisa milliy davlatchiligimizdan tortib har bir inson hayotiga so‘zsiz katta ta’sir o‘tkazadi, – dedi T.Norboyeva. – Bu esa bizning yangi davrga qadam qo‘yayotganimizdan dalolatdir. Bungacha bir haqiqatning guvohi bo‘ldik – Konstitutsiya chin ma’noda xalq muallifligidagi hujjat bo‘ldi. Hamyurtlarimiz, ayniqsa, yoshlarning bu jarayonlarda faol ishtiroki ularning o‘z taqdiriga befarq emasligini, o‘z yurti rivojiga daxldorlik hissi bilan yashayotganini ko‘rsatdi. Yangilangan Konstitutsiyani ishlab chiqishdan to uni referendumga qo‘yishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarda xalqimiz mustahkam siyosiy ishonchi va irodasini erkin namoyon etib, uni yoqlab ovoz bergani ham ushbu haqiqatni yana bir bor tasdiqladi. Boshqacha aytganda, xalqimiz o‘z so‘zini aytdi, kelajak tanlovini va o‘z tanlagan yo‘lidan xech qachon ortga qaytmasligini qat’iy tasdiqladi. Konstitutsiyaviy islohotlar negizida mamlakatimiz o‘z taraqqiyot yo‘lining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi.

 

N.Abduraimova,    

A.Abdullayev (foto), O‘zA