Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatrida Belarus Respublikasi madaniyat kunlariga bag‘ishlangan tantanali konsert bo‘lib o‘tdi.
Mazkur davlatning san’at ustalari va ijodkor yoshlari ishtirokidagi konsertga turli vazirlik va idoralar, madaniy-ma’rifiy muassasalar mutasaddilari, san’at ixlosmandlari, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy diplomatik korpus vakillari taklif etildi.
O‘zbekiston bilan Belarus Respublikasi o‘rtasidagi madaniy aloqalar izchil rivojlanmoqda. Yurtimizning opera, xoreografiya, musiqa ijrochiligi sohalarida izlanayotgan yoshlari ushbu davlatda bo‘lib o‘tgan ko‘plab xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Ayni paytda belarus rassomlari, fotoijodkorlarining ijodiy ishlari Toshkentdagi xalqaro biyennalelar, fotoko‘rgazmalarda muntazam namoyish etilmoqda. Kutubxonachilik, muzeyshunoslik, yetakchi ilmiy nashrlardan foydalanish, ta’lim sohasi mutaxassislari yurtimizdagi ma’rifiy konferensiyalarda faol ishtirok etmoqda.
Qadimiy va boy an’analarga asoslangan belarus musiqa san’ati betakrorligi, jo‘shqinligi bilan diqqatga sazovor. Konsertda mazkur xalq musiqa, xoreografiya san’atining eng sara namunalari tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.