Bu asar Shukur Xolmirzayevning «Oq otli», «To‘lqinlar» kabi ilk asarlari qatorida o‘zbek qissachiligining eng yaxshi namunalaridan hisoblanadi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Madaniyat, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bilan hamkorlikda o‘zbek adabiyotining atoqli namoyandalaridan biri Shukur Xolmirzayev xotirasiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy kecha o‘tkazildi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi Shukur Xolmirzayev 1940-yilda Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida tug‘ilgan. Uning qirq besh yillik ijodiy faoliyati davomida yaratgan asarlari o‘zbek adabiyotining durdonalari, o‘lmas ma’naviy mulki bo‘lib qoldi. O‘ziga xos maktab yarata olgan adib, ayniqsa, hikoya janrida samarali ijod qilgan.
Ijodkorning «Oq otli», «To‘lqinlar», «O‘n sakkizga kirmagan kim bor?» kabi ilk asarlari o‘zbek qissachiligining eng yaxshi namunalaridan hisoblanadi. Yozuvchining hikoyalari «Olis yulduzlar ostida», «Hayot abadiy», «Og‘ir tosh ko‘chsa…», «Yo‘llar, yo‘ldoshlar», «Bodom qishda gulladi», «Tog‘larga qor tushdi» singari to‘plamlarida jamlangan. «So‘nggi bekat», «Qil ko‘prik», «Yo‘lovchi», «Olabo‘ji» singari romanlari kitobxonlar qalbidan joy olgan.
Shukur Xolmirzayevning hikoya va qissalarida yoshlik va talabalik yillarining o‘ziga xosliklari, turfa tabiatli kishilar hayoti, jamiyat va odamlar ruhiy olamidagi o‘zgarishlar, fikrlar kurashi badiiy ko‘rinishlarda o‘z aksini topgan.
Adib 2005-yilda vafot etgan.
Xotira kechasi doirasida Sh.Xolmirzayevning hayoti va ijodiga oid fotosuratlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.