Respublika Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash markazining erkin kurashchilari uchun kelgusidagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini AQSH va Italiyaning yetakchi erkin kurash klublarida o‘tkazish imkoniyati yaratildi.
Respublika Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash markazi AQSH va Italiyaning yetakchi erkin kurash klublari bilan imzolagan hamkorlik memorandumi ayni omillarni ta’minlamoqda.
— Ushbu mamlakatlarning erkin kurash klublari bilan o‘rnatilgan manfaatli hamkorligimiz O‘zbekiston yoshlar va kattalar terma jamoalarining asosini tashkil etadigan bilim yurtimiz tarixida o‘ziga xos voqelik bo‘ldi. Bu, sport ta’limini rivojlantirish, salohiyatli yosh sportchilarni kamolga yetkazish borasida qabul qilingan hukumat qaror va dasturlarida belgilangan vazifalar ijrosining yorqin ifodasidir, — deydi markaz direktori Abror Mamadaliyev.
Imzolangan memorandumda ko‘rsatib o‘tilganidek, har ikki mamlakat erkin kurash sport klublari a’zolari o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish uchun poytaxtimizga kelishsa, o‘z navbatida, yosh polvonlarimiz ushbu davlatlarda tajriba oshirib kelishi belgilandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA