Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 5-aprelda “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, shoir va yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, yosh ijodkorlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Prezidentimizning “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi hamda unda belgilangan vazifalar yuzasidan batafsil sharh berdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan barcha sohalar qatori adabiyot, san’at va madaniyat rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan asosiy vazifalar, jumladan, “Davlat – ma’naviyatning bosh homiysi”, degan ustuvor tamoyil hayotga izchil joriy qilinmoqda. Prezidentimizning 2017-yil 3-avgustdagi O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvida ilgari surilgan vazifalar ijrosi yuzasidan muhim hujjatlar qabul qilinib, ulkan ishlar amalga oshirilayotir. Ayniqsa, Prezidentimizning yurtimizdagi yetakchi ijodiy tashkilotlarning “Do‘stlar klublari”ni tashkil etish, ularga yirik korxona, bank va kompaniyalarni homiy sifatida biriktirish, shartnoma asosida ularning doimiy hamkorligini yo‘lga qo‘yish tashabbusi bugun o‘z samarasini berayotir.
Prezidentimizning “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur yo‘nalishdagi ishlarning uzviy davomidir.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, Qoraqalpog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi K.Karimov, O‘zbekiston xalq shoiri M.Toir, yosh ijodkorlar N.Jo‘rayev, M.Abbosova va boshqalar ma’naviyatga yuksak e’tiborning yorqin namunasi bo‘lgan mazkur tarixiy qaror adabiyotimiz rivoji yo‘lida yangi bosqichni boshlab berishini alohida ta’kidladi.
Qarorda qayd etilganidek, o‘zbek adabiyotining bugungi taraqqiyotida 80 yildan ziyod tarixga ega, mamlakatimizdagi nufuzli ijodiy tashkilotlardan biri bo‘lgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining munosib o‘rni bor. Ayni vaqtda ta’kidlash joizki, Yozuvchilar uyushmasining asosiy faoliyat yo‘nalishlari, uning Nizomi va tarkibiy tuzilmasi bugungi davr talablariga to‘la javob bermayapti. Bozor iqtisodiyoti va globallashuv jarayonlari bilan bog‘liq hozirgi murakkab sharoitda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolarining hayotiy manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat taraqqiyoti uchun beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan mashaqqatli ijodiy mehnatini munosib qadrlash, adabiyot va san’at sohasini har tomonlama rivojlantirish, badiiy ijod ahlining jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirish, iste’dodli yosh ijodkorlarni tizimli asosda tarbiyalash va boshqa o‘ta muhim yo‘nalishlarda oqsoqlikka yo‘l qo‘yilmoqda.
Yigirma to‘rt banddan iborat ushbu tarixiy hujjatda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini takomillashtirish va uning ish samaradorligini yanada oshirish, uyushma a’zolarining ijtimoiy-ma’naviy faolligi va mas’uliyatini oshirish, ularni yuksak badiiy asarlar yaratishga rag‘batlantirish, ularning moddiy va ma’naviy manfaatlarini, mualliflik huquqlarini himoya qilish, uyushmaning obro‘-e’tibori va yuksak maqomini munosib saqlash, uning sifat tarkibini yaxshilash maqsadida tashkilotga a’zolikka qabul qilish bo‘yicha zamonaviy va ta’sirchan mezonlarni belgilash, yosh iste’dod sohiblarini izlab topish, ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish, dunyo adabiyotining eng yaxshi namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilish va chop etish, mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning eng sara namunalarini xorijiy tillarga o‘girish va chet ellarda targ‘ib etish tizimini yaratish, o‘zbek tilidagi Internet adabiyotini shakllantirish kabi o‘ta muhim va dolzarb vazifalar belgilangan.
– Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlar biz, ijodkorlarni to‘lqinlantirib yuboryapti. Prezidentimiz faoliyatida xalqning ko‘ngliga yo‘l topish, odamlarning dardini eshitish, muammolarini bartaraf etish bilan birga ma’naviyatga, adabiyotga, san’atga katta e’tibor yaqqol ko‘zga tashlanayotganiga guvoh bo‘lyapmiz, – deydi “Yoshlik” jurnali bosh muharriri, shoir Nodir Jonuzoq. – Bular bir-biriga uzviy bog‘liq ekanini ta’kidlashni istardim. Chunki adabiyot xalqning ko‘nglini o‘rganadi, odamlarning qalbini yorqin bo‘yoqlarda yetkazishga xizmat qiladi. Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori adabiyotga e’tiborning eng yuksak namunasi bo‘ldi. Qarorning har bir bandida adabiyot olamining har bir jihatiga chuqur kirib borilgan. Ayniqsa, adabiy nashrlar tahririyatlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ular bilan yetakchi korxonalar o‘rtasida “Do‘stlar klublari”ni tuzish vazifalari belgilab qo‘yilgani adabiyot nashrlari xodimlarini nihoyatda xursand qilib yubordi. Bugun qalb quvonchga, shukuhga to‘lgan kun. Bu bizga katta ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
– Ushbu tarixiy hujjat har bir ijodkorni o‘z ishiga yanada mas’uliyat bilan yondashishga undaydi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Faxriddin Hayit. – Prezidentimiz biz, ijodkorlarga shunday e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan ekan, bu e’tiborga o‘z asarlarimiz bilan munosib javob berishni burchimiz, deb bilamiz.
Shu kuni “Do‘rmon” ijod uyida ijodkorlar uchun bayram tadbiri tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining yangi a’zolariga a’zolik guvohnomasi topshirildi.
– Bugun adabiyot ahli uchun katta bayram. Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan adabiyotimizni, ma’naviyatimizni yuksaltirish yo‘lidagi muhim hujjat imzolangani barchamizni quvontirib yubordi, – deydi uyushma a’zosi, yozuvchi Nurilla Chori. – Ayniqsa, men uchun bugun ikki karra xursandchilik. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining yangi tavallud kuni, deya e’tirof etilayotgan sanada uyushma a’zoligiga qabul qilinganimdan, ustozlarimiz meni o‘zlarining safiga munosib ko‘rganidan baxtiyorman. Bu yanada tinmay izlanishga, adabiyotimizga munosib hissa qo‘shish mas’uliyati bilan yashashga undaydi.
Tadbirda san’atkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi, ijodkorlar uchun bayram dasturxoni yozildi.