O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida poytaxtimiz tumanlarida bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari dastlab O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademik Sobir Yunusov nomidagi O‘simlik moddalari kimyosi institutiga tashrif buyurdi. Institutning asosiy yo‘nalishlari, ilmiy va ishlab chiqarish salohiyati bilan tanishdi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘simlik moddalari kimyosi institutida tabiiy birikmalar kimyosi, biologiyasi va texnologiyasi sohasida katta ilmiy maktab shakllangan. Bugungi kunda ushbu muassasada 159 ilmiy xodim tabiiy birikmalar kimyosini o‘rganish, ular asosida tibbiyot va qishloq xo‘jaligi sohalari uchun dori vositalari hamda kimyoviy preparatlar yaratish borasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib bormoqda.
Istiqlol yillarida bu yerda 500 dan ortiq turdagi o‘simlikning kimyoviy tarkibi o‘rganilib, ulardan 1 ming 200 dan ziyod modda ajratib olingan. 246 yangi alkaloid, 100 dan ortiq fenol birikmalari, 50 dan ziyod terpenoid birikmalarning kimyoviy tuzilishi isbotlangan. 5 mingdan ortiq geterosiklik birikma sintez qilinib, ularning faolligi o‘rganilgan.
Institut qoshidagi tajriba-ishlab chiqarish korxonasida 20 ga yaqin dori vositasi substansiyalari ishlab chiqarilmoqda, yiliga 100 tonna o‘simlik xom ashyosi qayta ishlanmoqda. 2017-yilda Rossiya Federatsiyasi, Fransiya, AQSh kabi davlatlarga 2,5 million dollardan ortiq miqdordagi biologik aktiv substansiyalar eksport qilingan. Shuningdek, mamlakatimiz farmatsevtika korxonalariga substansiyalar yetkazib berilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev mazkur dargoh o‘zining ilmiy salohiyati bilan nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinlarda turishi, bu yerda yaratilayotgan yangiliklar farmatsevtika sanoatini rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2016-yil 16-sentabrdagi “2016-2020 yillarda respublika farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi qarorida farmatsevtika sohasini rivojlantirish, xorijdan keltiriladigan dori vositalarini mahalliy xom ashyodan ajratib olish texnologiyalarini ishlab chiqish va ularni chuqur qayta ishlash asosida yangi dori vositalari yaratish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berilgan edi. Shunga muvofiq, O‘simlik moddalari kimyosi institutida xalqaro talablarga javob beradigan GMP zavodi barpo etilmoqda.
Buning natijasida yiliga 500 tonnadan ziyod o‘simlik xom ashyosini chuqur qayta ishlash imkoniyati yaratiladi. Joriy yildan 30 dan ortiq tabiiy toza, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop dori vositalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Prezidentimiz mazkur korxona bilan tanishdi, olimlar tomonidan tayyorlangan biologik aktiv substansiyalarni ko‘zdan kechirdi.
– Dori substansiyalari farmatsevtika sanoatining asosiy omilidir. Buning uchun o‘simliklarni chuqur qayta ishlash, jahon ilmiy yutuqlarini o‘rgangan holda, bugungi kunda talab yuqori bo‘lgan preparatlarni yaratish, mahalliylashtirish darajasini oshirish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari institut faollar zalida vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari va O‘zFA ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari, akademiklar, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan muloqot qildi. Unda mamlakatimizda olimlar, akademiklar bilan muntazam uchrashib turish an’anaga aylangani, Harakatlar strategiyasi asosida ilm-fanni rivojlantirishga qaratilayotgan katta e’tibor bozor iqtisodiyoti sharoitida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda sohani rivojlantirishda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi.
– Hamma sohaning kelajagi sizlarga, ilm-fanga bog‘liq. Bundan keyin mamlakatimizga kelayotgan har bir xorijiy investitsiyaning muayyan foizi ilm-fanni rivojlantirishga va ilmiy kadrlar tayyorlashga yo‘naltiriladi. Ilm-fan rivojlansagina ertangi kunimiz haqida tasavvur qila olamiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan olimlar Prezidentimizning kuni kecha qabul qilingan “Respublika oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ularga katta xursandchilik, moddiy va ma’naviy rag‘bat berganini, bundan buyon bor bilim, kuch-g‘ayrat va shijoatini ilm-fan rivojiga qaratishlarini alohida qayd etdilar.
Shundan so‘ng Prezidentimiz Yashnobod tumanidagi zamonaviy harbiylar shaharchasi qurilishi bilan tanishdi.
Mamlakatimiz mudofaa salohiyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida harbiy xizmatchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib turmush sharoiti yaratishga doimiy e’tibor qaratilmoqda.
Poytaxtimizning Yashnobod tumani «Olmos» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida bunyod etilayotgan ko‘p qavatli yangi uylar ham o‘nlab harbiy xizmatchilar oilasiga olam-olam quvonch bag‘ishlashi shubhasiz.
Prezidentimizning 2017-yil 13-yanvardagi “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, bu yerda 48 ta besh qavatli uy qad rostlamoqda.
Loyihaga ko‘ra, birinchi bosqichda 540 xonadonga mo‘ljallangan 5 qavatli 18 ta uy qurilmoqda. Buyurtmachi – “Qishloq qurilish invest” IK, loyihalashtirish ishlari – bosh loyihachi “Qishloq qurilish loyiha” instituti tomonidan ishlab chiqilgan. Qurilish-montaj ishlari 12 ta pudrat tashkiloti tomonidan tasdiqlangan tarmoq jadvallari asosida amalga oshirilmoqda.
Bunyodkorlik ishlariga 30 dan ortiq texnika hamda 2000 ga yaqin malakali muhandis va ishchi xodim jalb qilingan. Bugungi kunga qadar g‘isht terish ishlari yakunlanib, santexnika, pardozlash ishlari bajarilmoqda.
Davlatimiz rahbari hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, uylarda yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishdi.
– Sarhadlarimiz daxlsizligini himoya qilayotgan harbiy xizmatchilarimiz turmush sharoitini yaxshilash borasidagi islohotlar bundan keyin ham izchil davom ettiriladi, – dedi Prezidentimiz. – Ularning farzandlari ta’lim-tarbiyasi va ijtimoiy himoyasi doimiy e’tiborimizda bo‘ladi.
Ikkinchi bosqich doirasidagi 900 xonadonga mo‘ljallangan 5 qavatli 30 ta uy qurilishi ham qizg‘in davom etmoqda. Buyurtmachi – “O‘zshahar qurilish invest” IK, bosh loyihachi – “Qishloq qurilish loyiha” instituti.
Zamonaviy harbiy shaharcha bo‘ladigan ushbu mavzeda bolalar bog‘chasi, maktab, poliklinika va boshqa ijtimoiy obyektlar ham barpo etiladi. Uylar Vatan himoyachilariga imtiyozli kredit asosida beriladi.
Shavkat Mirziyoyev uylarni o‘z vaqtida va sifatli qilib yakunlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Shu yerda huquqni muhofaza qilish organlari mutasaddilari bilan muloqot qildi.
Davlatimiz rahbari Yashnobod tumanidagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabning qurilish loyihasi bilan tanishdi. Maktab binosi Prezidentimizning 2017-yil 14-sentabrdagi «Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq qurilmoqda.
Qurilish-montaj ishlari “Yuksak parvoz qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshiriladigan maktab 1 ming 470 o‘quvchiga mo‘ljallangan. Bundan tashqari, viloyatlardan kelib o‘qiydigan o‘quvchilar uchun 300 o‘rinli yotoqxona ham quriladi. Maktabda o‘quvchilarning puxta bilim olishi uchun barcha sharoit yaratiladi. Jumladan, mustaqil ishlashi, qobiliyatini rivojlantirishi uchun maxsus uskunalar bilan jihozlangan qo‘shimcha xonalar, auditoriyalar, tabiiy fanlar laboratoriyalari, informatika xonalari, robototexnika ustaxonalari, sport maydonchalari hamda suzish havzasi barpo etiladi. Shuningdek, har biri 500 o‘ringa mo‘ljallangan faollar zali, oshxona hamda 20 ming kitob fondiga ega kutubxona o‘quvchilar ixtiyorida bo‘ladi.
Mazkur ixtisoslashtirilgan maktabning tashkil etilishi mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash, yoshlarni buyuk ajdodlarimizga munosib vorislar etib tarbiyalash va zamon talablariga javob beradigan mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.
– Eng yaxshi mutaxassislar tayyorlaydigan markaz shu yerda bo‘ladi. Ushbu maktabga viloyatdan iqtidorli bolalarni tanlov asosida qabul qilish lozim. Bu yerda shunday muhit yaratish kerakki, ular ta’limni asosan elektron vositalar orqali olsin, – dedi Prezidentimiz.
Shavkat Mirziyoyev 2017-yilning 28-oktabr kuni poytaxtimizning Yashnobod tumanida qurib bitkazilgan «Ashxobod sayilgohi»ni borib ko‘rgan, sayilgoh atrofi, unga tutash hududlarni yanada obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar bergan edi.
Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan bu yerda zamonaviy madaniyat va istirohat bog‘i majmuasining ikkinchi bosqich qurilish ishlari boshlab yuborildi. Umumiy maydoni 12 gektarlik sayilgoh ichida 26 ta attraksion bo‘lgan 1 ta usti yopiq inshoot, ochiq tipdagi 31 ta o‘yin attraksionlari, nuroniylar maskani, sovg‘alar do‘koni va boshqa savdo shoxobchalari qurildi.
Prezidentimiz “Ashxobod sayilgohi”da olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Sayilgohga kiraverishda turkman millatining mardlik va jasorat timsoli bo‘lgan axalteke otlari aks etgan yaxlit kompozitsiya barpo etilgan. Bu yerdagi jihozlar turkman milliy me’morlik an’analarini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, qarag‘ay, qrim qarag‘ayi, hind sireni, eman, kashtan, magnoliya, arizona kiparisi, salviya, moviy archalar ekilgan. Tashrif buyuruvchilarning ko‘ngilli hordiq chiqarishi uchun o‘rindiqlar, veloyo‘laklar, favvoralar o‘rnatilgan. Amfiteatr va kafe tashrif buyuruvchilarga muntazir.
Qurilish ishlariga 24 texnika va 500 ga yaqin malakali ishchi-muhandis jalb qilingan.
“Ashxobod sayilgohi” zamonaviy madaniyat va istirohat bog‘i majmuasida 180 ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bog‘ yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
Davlatimiz rahbari «Toshkent Sity» xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida barpo etilayotgan zamonaviy inshootlar qurilishi bilan tanishdi.
Davr shiddat bilan o‘zgarib, zamonaviy texnologiyalar hayotimizga tobora chuqur qirib kelayotgan hozirgi kunda shaharsozlikda innovatsion loyihalar, yangi qurilish usullari va yondashuvlar paydo bo‘lmoqda. Bunday yondashuvlar rivojlangan davlatlarda «Kelajak shahri» yoki “Yangi shahar” deb atalmoqda.
Poytaxtimizning Alisher Navoiy, Olmazor, Islom Karimov va Furqat ko‘chalari oralig‘idagi 80 gektar hududda barpo etilayotgan «Toshkent City» xalqaro ishbilarmonlik markazi shunday zamonaviy markazlardan bo‘ladi. Loyihaga muvofiq, bu yerda biznes-markazlar, savdo majmualari, mehmonxonalar, ofislar, Kongress-xoll, ko‘rgazma zallari, ko‘p qavatli zamonaviy uylar, ijtimoiy va boshqa obyektlar barpo etiladi.
Bugungi kunda «Toshkent Sity» hududida Kongress-xoll va zamonaviy mehmonxona qurilishi jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Kongress-xoll oliy martabali mehmonlar ishtirokida xalqaro anjumanlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan bo‘lib, hozirgi paytda xorijlik quruvchi-muhandislar tomonidan «Jet grout» texnologiyasi asosida qoziq qoqish va poydevor qo‘yish ishlari bajarilmoqda.
Yigirma qavatdan iborat besh yulduzli mehmonxona eng zamonaviy qulayliklarni o‘zida mujassam etadi. Ushbu mehmonxonada ham nufuzli anjumanlar o‘tkazish uchun zallar, restoranlar, salonlar, basseynlar quriladi. Ikkala inshootdan bir-biriga maxsus ko‘prik orqali o‘tish mumkin bo‘ladi.
Prezidentimiz loyihalar bilan tanishar ekan, mazkur inshootlarni eng zamonaviy texnologiyalar va me’morlik andozalari asosida barpo etish zarurligini ta’kidladi.
– «Toshkent Sity» shahar ichidagi yangi shahar bo‘lishi kerak, bu shaharcha katta sur’atlar bilan rivojlanayotgan O‘zbekistonimizning bor salohiyatini o‘zida to‘la namoyon etishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qurilishni tezlashtirish, inshootlarni 2019-yil avgust oyida foydalanishga topshirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, ro‘y berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar Vatanimizning yuksak iqtisodiy salohiyatini namoyon etib, xalqimiz farovonligini yanada oshirishga xizmat qiladi.