Mamlakatimizda xalqaro sport musobaqalari mundarijasi yildan yilga ortib bormoqdaki, bu, turli yosh toifalari bo‘yicha terma jamoalarni shakllantirish va iqtidorli sportchilarni saralash maqsadlariga xizmat qilmoqda.

Poytaxtimizdagi Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida yunon-rum, erkin va ayollar kurashi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun boshlangan turnir ham ayni omillar asosida tashkil etilmoqda.

Musobaqada Buyuk Britaniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning 450 nafarga yaqin sportchilari g‘oliblik uchun kurash olib boradi.

Xalqaro turnirning ilk kunida yunon-rum kurashi vakillari medallar uchun kurash olib borishadi. Ikkinchi kuni ayollar va oxirgi kunda erkin kurashchilar gilamga chiqishadi.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun boshlangan xalqaro turnirning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda ishtirok etgan yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov va boshqa mutasaddilar musobaqaning ahamiyati, xorijiy terma jamoalar bilan o‘rnatilgan aloqalarni yanada mustahkamlash, iste’dodli kurashchilarni saralashda xalqaro turnirlarning o‘rni xususida to‘xtalib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, musobaqalar 2 aprelga qadar davom etib, yosh kurashchilar 30 ta  vazndagi sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA