Chirchiqda og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasida davom etayotgan O‘zbekiston chempionati yurtimizda jahon chempionlari va Olimpiya o‘yinlari g‘oliblariga munosib raqobat ko‘rsatadigan yoshlar yetishib kelayotganini ko‘rsatmoqda.
Kecha ayollar o‘rtasida 87 va +87 kilogramm hamda erkaklar o‘rtasida 96 va 102 kilogramm vaznda kechgan bahslar bunga yorqin misol bo‘ldi, deyish mumkin. Birgina jahon chempioni va rekordchisi, Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Ruslan Nurudinov ishtirok etgan 102 kilo og‘irlikda Qurbonmurod Namozovning chiqishi nomdor sportchimizga munosib raqobatchi kamolga yetayotganini ko‘rsatdi.
Garchi Nurudinov 360 (165+195) kilolik ko‘rsatkich bilan mamlakat chempionligini tantana qilgan bo‘lsa-da, Qashqadaryo og‘ir atletika maktabi tarbiyalanuvchisi Namozov dast ko‘tarish va ikki kurashda 2-o‘rin bilan kifoyalangan holda siltab ko‘tarishda Ruslandan 5 kilo ortda qolganligi musobaqaning o‘ziga xos shov-shuvli holati bo‘ldi. Shu o‘rinda aytish lozimki, Namozovda biroz tajriba yetishmagani, harakatlar taktikasidagi noaniqlik uni kumush medal bilan cheklanishiga olib keldi.
Xuddi shuningdek, yana bir nomdor sportchimiz Tursunoy Jabborova ishtirok etgan +87 kilogrammdagi kurashlar ham qiziqarli kechdi. Yoshlar o‘rtasida jahon chempioni, kattalar o‘rtasida dunyo birinchiligi sovrindori, “Islom birdamligi” o‘yinlari oltin medal sohibi Tursunoy Jabborova 240 kg (110+130) natija bilan 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa-da, navoiylik Sevinch Norqobilova 190 kg (85+105) hamda andijonlik Lola Abdurashidova 180 kg (80+100) munosib raqobat hosil qildi, deyish mumkin.
Chempionatning oltinchi kungi natijalariga ko‘ra, xorazmlik Kamola Karimova, Laylo Hursanova, navoiylik Mirjahon Yusupov, Toshkent viloyati vakili Sunnat O‘sarov kabi sportchilar g‘oliblik shohsupasidan joy olishdi.
Bugun, 31 mart kuni mamlakat chempionatining so‘nggi kunida og‘ir atletikachilar 109 kg va +109 kilogramm vazn toifasida O‘zbekiston chempionligi uchun supaga chiqishadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA