Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Toshkent shahrida qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Xususan, Chilonzor tumani hokimligida Chilonzor, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Yunusobod tumanlarining barcha mahallalaridagi xotin-qizlar faollari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z yuritildi. Xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ta’lim olishlari, kasb-hunar o‘rganishlari uchun shart-sharoitlarni yaratish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi. Bu jarayonlar yangi tahrirda tayyorlangan Konstitutsiya bilan mustahkamlangani qayd etildi.

Yangihayot tumanidagi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzurida yangi tashkil etilgan o‘quv markazi faoliyati bilan tanishdi. Markaz Yangihayot va Sergeli tumanidagi ishsiz va band bo‘lmagan aholini kasbga o‘qitish, qayta o‘qitish va malakasini oshirishga ixtisoslashgan bo‘lib, bu yerda fuqarolar 11 kasbga o‘qitilmoqda.

Markaz tinglovchilari va o‘qituvchilari bilan kechgan muloqotda yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi mustahkamlanganiga urg‘u berildi. Qolaversa, davlat fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etishi hamda rag‘batlantirishi aks ettirilgani aytib o‘tildi.

Bu yangi norma ish bilan ta’minlanmagan fuqarolarni kambag‘allik holatiga tushib qolishining oldini olishga yoki kambag‘allik toifasiga kirib qolgan fuqarolarni undan chiqarish bo‘yicha davlat tomonidan tegishli choralar ko‘rilishiga konstitutsiyaviy kafolat sifatida xizmat qiladi.

Senat Raisi Toshkent viloyati aholisi bilan ham muloqot qildi. Dastavval viloyat hokimligida xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, kasaba uyushmalari faollari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari hamda keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Ishtirokchilarga referendum, yangilangan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, unga kiritilayotgan yangi modda va normalar haqida batafsil tushuntirish berildi.

Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida mahallalarga aholining kundalik muammolarini hal qilish bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish vakolatini berish, buning uchun tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlar yaratish belgilangan. Bularning barchasi davlat hokimiyatida hisobdorlik, shaffoflik, samarali qaror qabul qilish va uning natijadorligini oshirishga xizmat qiladi.

Yuqori Chirchiq tumanida mahalliy Kengash deputatlari, kasaba uyushmalari va xotin-qizlar faollari, mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilib, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratildi.

Tumanning «Ma’rifat» mahallasi hududida joylashgan «Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlash markazi» faoliyati bilan tanishildi. Markaz tinglovchilari bilan muloqot o‘tkazildi.

Senat Raisi Qibray tumanining «Nurafshon» mahallasida tashkil etilgan Oila va xotin-qizlar bo‘limi huzuridagi «Xotin-qizlarni o‘qitish va qo‘llab-quvvatlash markazi» faoliyati bilan tanishdi. Tumanning «Yangiobod» mahallasi hududida tashkil etilgan «Kanishka» to‘qimachilik korxonasida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar bilan ham suhbatlashdi.

Mazkur muloqotlarda Bosh qomusimizga kiritilayotgan normalar, ularning ahamiyati bosh mavzu bo‘ldi. Yangilanayotgan Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari sezilarli darajada kengaytirilgani ta’kidlandi.

Jumladan, Konstitutsiya ekologik huquqlar, sog‘liqni saqlash, ayollar va erkaklar tengligi, erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash, mamlakatdan chiqish va moneliksiz qaytish, internetdan foydalanish, shaxsga doir ma’lumotlar himoyasi, oliy ta’lim, bepul yuridik yordam olish, uy-joyga ega bo‘lish, bank operatsiyalari va hisob varaqlarining sir saqlanishi, qonunchilikka oid taklif kiritish kabi normalar bilan to‘ldirilgani aytib o‘tildi.

 

O‘zA