Ma’lumki, joriy yilning 20 may – 11 iyun kunlari Indoneziyaning 6 ta stadionida futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionati o‘tkazilishi kerak edi. Ammo, O‘zbekiston terma jamoasi ishtirok etadigan mazkur musobaqada Isroil terma jamoasi qatnashishi bilan bog‘liq noroziliklar sababli Xalqaro futbol assotsiatsiyasi(FIFA) ushbu musobaqaning Indoneziyada o‘tkazilishini bekor qildi.

Bu haqda kecha Xalqaro olimpiya qo‘mitasi a’zolari, FIFA prezidenti Janni Infantino va Indoneziya futbol assotsiatsiyasi rahbari Erik Tohir o‘rtasidagi uchrashuv jarayonida ma’lum qilindi.

Vaziyatning bunday yechimga kelishi oqibatida 24 jamoa ishtirokidagi jahon chempionatiga qur’a tashlash marosimi kechiktirildi.

Biroq, 52 o‘yindan iborat chempionatning o‘tkazilish muddati o‘zgarishsiz qolishi, yaqin kunlarda ushbu jahon chempionatini qabul qiladigan davlat nomi e’lon qilinishi FIFA mutasaddilari tomonidan bildirib o‘tildi, deyiladi FIFA axborotida.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA