Jiu-jitsu bo‘yicha 2-dan qora belbog‘ sohibi braziliyalik Daylton Olmeyda dost Sontos qoraqalpog‘istonlik sportchilar uchun mahorat darslari o‘tkazdi.

Nukus shahridagi 2-sonli bolalar-o‘smirlar sport maktabida o‘tkazilgan mahorat darslarida xorijiy mutaxassis o‘z bilim va tajribasini namoyish etdi. Darslarda Buxoro Jiu-jitsu federatsiyasi vakillari ham ishtirok etib, mehmonga o‘zbekistonlik yosh sportchilarning yutuqlari haqida ma’lumot berdi.

–Ushbu sport turiga 2021 yilda asos solingan bo‘lsa ham, sportchimiz Humoyun Hoshimov 2023 yil 24-28 fevral kunlari Tailandning Bangkok shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida 77 kilogramm vazn toifasida barcha raqiblari ustidan g‘alaba qozonib, oltin medali sohibi bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Jiu-jitsu federatsiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi rahbari Rasul Boltaboyev. –Sportchilarimiz joriy yilning iyul oyida Mongoliyada kattalar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati, avgust oyida Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan jahon kubogi musobaqalariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Xorijiy mutaxassislar ishtirokidagi bunday mahorat darslari yoshlarning ushbu sport turiga qiziqishini oshirib, ular safining yanada kengayishiga xizmat qiladi.

bugungi kunda Nukus shahrida, Ellikqal’a, Shumanay, Taxiatosh, Bo‘zatov, Taxtako‘pir va Kegeyli tumanlarida 600 nafardan ortiq yosh ushbu sport turi bilan muntazam shug‘ullanmoqda.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri