Bugun, 24 mart kuni Gruziya poytaxti Tbilisida dzyudo bo‘yicha «Katta Dubulg‘a» turkumidagi xalqaro turnir musobaqalariga start beriladi.
Mukofot jamg‘armasi 154 000 yevrodan iborat mazkur turnirda 61 davlatdan 420 ga yaqin sportchi ishtirok etmoqda.
Kecha «Katta Dubulg‘a» turniri oldidan mandat komissiyasi hamda texnik komissiya yig‘ilishi, barcha vazn toifalari uchun qur’a tashlash marosimi tashkil etildi.
“Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari reyting ochkolari taqdim etadigan nufuzli musobaqada mamlakatimizning 11 nafar dzyudochisi – Kamoliddin Baxtiyorov, Doston Ro‘ziyev, Manucher Shirinov, Obidxon Nomonov, Hikmatilloh To‘rayev, Muso Sobirov, Jahongir Mamatrahimov, Muhammadqodir Mansurov, Shohruxxon Baxtiyorov, Diyora Keldiyorova va Shohista Nazarova Tbilisi tatamilarida g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
Xalqaro turnirning bugungi bahslarida 4 nafar dzyudochimiz bahslarga kirishadi.
60 kilogrammda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Kamoliddin Baxtiyorov Xalqaro dzyudo federatsiyasi bayrog‘i ostida turnirda ishtirok etayotgan eronlik Muhammad Rashnonezhad bilan, ushbu vaznda kurashga kirishadigan Doston Ro‘ziyev gruziyalik Saba Grigalashvili bilan, 66 kilogrammdagi hamyurtimiz Manucher Shirinov norvegiyalik Gustav Brovold bilan kurash olib boradi.
Shuningdek, ayollar o‘rtasida 52 kilogramm vaznda kechadigan bellashuvlarda mahoratli sportchimiz Diyora Keldiyorova qozog‘istonlik Tolganay Abeuova va gruziyalik Mari Maxarashvili bahsi g‘olibi bilan ilk bellashuvni o‘tkazadi.
Xalqaro turnir 26 martga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA