Yana bir yildan keyin Fransiya poytaxti Parijda o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlarining tashkiliy ishlarida ishtirok etish uchun 45 ming ko‘ngillilar kerak bo‘ladi.

Tashkiliy qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, volontyorlar uchun ariza topshirish dasturi kecha 22 mart kuni ochildi va kelgusi yilning 3 may kuniga qadar davom etadi. Ushbu dasturda fransuz va ingliz tillarini biladigan 2024 yil 1 yanvar holatida 18 yoshdan oshgan insonlar ishtirok etishi mumkin.

Dasturdan muvaffaqiyatli o‘tgan 45 ming nafar volontyor Fransiyaning Parij, Marsel, Lill, Nitss, Lion, Sent-Eten, Nant, Bordo, Shator va Taitidagi Olimpiya va Paralimpiya tadbirlarida tomoshabinlar hamda akkreditatsiyadan o‘tgan shaxslarni kutib olish, ularga yo‘l ko‘rsatish, sport delegatsiyalariga yordam berish, hamrohlik qilish, sportchilarni musobaqalar o‘tkaziladigan joylarga, matbuot anjumanlariga olib borish kabi bir qator ishlarda ishtirok etadi.

Ma’lumki, XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlari kelgusi yil 26 iyul — 11 avgust kunlari, XVII Paralimpiya o‘yinlari esa 28 avgust — 8 sentyabr kunlari tashkil etiladi.

Shu o‘rinda ta’kidlamoq kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “O‘zbekiston sportchilarining navbatdagi yozgi va qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarorga muvofiq, “Parij-2024” yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida oltin medal sohibi bo‘lgan sportchilar 200 ming dollar, kumush medal egalari 100 ming dollar, bronza medaliga musharraf bo‘lganlar 50 ming dollar miqdoridagi pul bilan taqdirlanishi belgilangan.

Mamlakatimiz sportchilarining Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha tasdiqlangan maqsadli ko‘rsatkichlarda 26 ta sport turlari bo‘yicha 103 ta olimpiya litsenziyasiga, 12 ta para sport turi bo‘yicha 105 ta yo‘llanmaga ega bo‘lish nazarda tutilgan.

Yevropaning eng qadimiy maskanlaridan birida o‘tadigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ko‘ngilli bo‘lib ishtirok etish istagida bo‘lgan talaba-yoshlarni yo‘naltirish, maxsus dasturlarda qatnashish uchun ularga zarur shart-sharoitlar yaratish lozim. Mazkur masalaning yechimi qanday bo‘lishi, unga munosabat qay tarzda kechishi esa yurtimizdagi yoshlar tashkilotlarining sa’y-harakati hamda e’tiboriga bog‘liq.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA