Nukusda kurash bo‘yicha “Biz Prezident polvonlarimiz” shiori ostida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahar prokurori kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada 9 ta jamoadan 64 nafar sportchi ishtirok etdi.
Musobaqaning ochilish marosimida Nukus shahar prokurori R.Bauatdinov, O‘zbekiston kurash federatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi ijrochi direktori S.Jusipbekov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda sportni, shu jumladan, milliy kurashni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, aholining barcha qatlamlarini kurash bilan shug‘ullanishga keng jalb qilish, kurashni umumxalq sport turiga aylantirish, ommalashtirishda davlatimiz rahbarining 2020 yil 4 noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Musobaqa natijasiga ko‘ra, o‘z vazn toifalarida 4-7 sinf o‘smirlar o‘rtasida 25-umumta’lim maktabidan Meyrambek Joldibayev, Sherzod Medetboyev, 4-umumta’lim maktabidan Biysulton Qo‘ng‘irotbayev, 1-umumta’lim maktabidan Yernazar Jo‘ldosboyev, 16-umumta’lim maktabidan Nurislom Ibragimov, qizlar o‘rtasida 25-umumta’lim maktabidan To‘maris Qosbayeva, 16-umumta’lim maktabidan Nurjayna Nuratdinova, 8-11 sinf o‘smirlar o‘rtasida 19-umumta’lim maktabidan Alpamis Mamutov, 20-umumta’lim maktabidan Damir Ataniyazov, 3-umumta’lim maktabidan Adil Tursing‘aliyev, 21-umumta’lim maktabidan Aynatdin Qalboyev, 48-umumta’lim maktabidan Quyosh O‘skinboyev birinchi o‘rinni egallab, Nukus shahar prokurori kubogi musobaqasi g‘oliblari bo‘ldi.
Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari Nukus shahar prokuraturasi tomonidan diplom, kubok hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA