Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan voleybol bo‘yicha fakultetlararo musobaqa bo‘lib o‘tdi.

Oliy o‘quv yurti kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan musobaqada 10 ta jamoa ishtirok etdi. Barcha raqiblari ustidan g‘alaba qozongan chet tillari hamda qoraqalpoq filologiyasi va jurnalistika fakultetlari jamoalari finalda o‘zaro bahslashdi. Yakuniy natijaga ko‘ra chet tillari fakulteti jamoasi birinchi o‘rinni egallab, musobaqa g‘olibi bo‘ldi.

Taqdirlash marosimida oliy o‘quv yurti rektori A.Reymov ishtirok etib, talaba yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalab kelayotgan professor-o‘qituvchilarni 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy tabrikladi. Ularga yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda hamda jamoat ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.

–Har bir bayram munosabati bilan turli ko‘rik-tanlovlar, sport musobaqalarini o‘tkazish an’anaga aylanmoqda, – deydi chet tillari fakulteti jamoasi sardori Roza Jaqsimova. – Buning uchun rektoratga, kasaba uyushmalari qo‘mitasiga minnatdorlik bildiramiz. Musobaqaga yaxshi tayyorgarlik ko‘rganimiz tufayli g‘olib bo‘ldik. G‘olib va barcha ishtirokchi jamoalarga kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.


Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri