Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitalari va Yoshlar parlamenti hamkorligida «Yangilanayotgan Konstitutsiya — yoshlar nigohida» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Unda Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirokida «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Davra suhbatida Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov ma’ruza qilib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi xususida, unda yoshlarga oid o‘z aksini topayotgan yangiliklar haqida ma’lumot berdi:
— Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan bugunga qadar 220 mingdan ortiq takliflar kelib tushdi, — dedi J.Shirinov. — Ularning 60 foizdan ortig‘i bevosita yoshlar tomonidan berilgani quvonarli hol. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda yoshlarga oid qator normalar, hatto bitta alohida bob «Oila, bolalar va yoshlar» masalasiga bag‘ishlandi. Yoshlar huquqlari aks etayotgan alohida moddaga ko‘ra, davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi. Davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan ilk marotaba uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojini ta’minlash davlatning vazifalari qatoridan joy olmoqda. Davlat endilikda nafaqat umumiy o‘rta ta’lim, balki boshlang‘ich professional ta’lim olishni ham bepul bo‘lishini kafolatlaydi. Bundan tashqari, alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim va tarbiyaning ta’minlanishi muhim yangiliklardan biri bo‘layotir.
Ya’ni, jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim tashkil etiladi. Bu esa shunday nuqsonlarga ega bolalarimizning yakkalanib qolmasligi, jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida shakllanishi va kamol topishiga xizmat qiladi. Qolaversa, yurtimizda inson qadri yuksak ekanligini o‘zida namoyon etadi, — dedi ma’ruzachi.
Davra suhbatida Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari so‘z olib, yangilanayotgan Konstitutsiyamizda oliy ta’lim sohasida ham qator yangiliklar o‘z aksini topayotganini ta’kidladi. Qayd etilganidek, fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olishga haqli ekanligi aniq belgilab qo‘yilmoqda.
So‘nggi yillarda oliy ta’limga ajratilgan davlat grantlari soni 75 foizga hamda ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari soni ikki baravarga oshirildi. Shuningdek, nodavlat oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlashga davlat granti ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Yuqoridagi konstitutsiyaviy norma bu boradagi sa’y-harakatlarni davom ettirish, oliy ta’lim muassasalarida grant o‘rinlari yo‘qolmasligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Davra suhbatida so‘z olgan yoshlar yangilanayotgan Konstitutsiyaning yoshlar huquq va manfaatlariga daxldor normalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Shuningdek, Bosh qomusimizni «Yoshlar Konstitutsiyasi» deya e’tirof etishga ham barcha asoslar borligini alohida qayd etdilar.
Muhtarama Komilova,
O‘zA