Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug Nukus garnizoni Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalonida Qoraqalpog‘iston Respublikasida yoshlarning harbiy-vatanparvarlik tarbiyasiga bevosita mas’ul bo‘lgan vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari mas’ulligida “Jasorat maktabi” o‘n kunlik o‘quv yig‘inining birinchi mavsumi nihoyasiga yetdi.

Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazida o‘quv yig‘inining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor F.Shermatov so‘zga chiqib, mazkur o‘quv yig‘inining ahamiyatiga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida, shuningdek, Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasida qator vazifalar belgilanib, bu bo‘yicha Jizzax tajribasini butun respublikaga tatbiq etish borasida tegishli ko‘rsatmalar berilgan edi.

Dastlab ishtirokchilarning ota-onalari diqqatiga o‘n kunlik yig‘in mashg‘ulotlaridan so‘zlovchi videorolik namoyish etildi. “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘ini mashg‘ulotlarida faollik ko‘rsatgan ishtirokchilarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari, hunar egallash istagini bildirgan yoshlarga qurilish sohasi malakali mutaxassislarini tayyorlash hamda “Ishga marhamat” mono markazlariga yo‘llanmalar berildi.

– O‘quv yig‘ini davomida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi tasarrufidagi o‘quv sport texnika klublari tomonidan modelizm sport (raketamodel, avtomodel, kemamodel, aviamodel) turlarining ko‘rgazmasi namoyish etilib, yozgi biatlon, o‘q otish sport turi bo‘yicha pnevmatik miltiq, pnevmatik to‘ponchalarning umumiy tuzilishi tartibi amaliy ko‘rsatib berildi, – deydi o‘qituvchi Sanjar Atadjanov. – Amaliy o‘quv jarayonida boshqariladigan o‘quv mashq avtomobillari hamda karting, avto sport texnikalari, asosan Qo‘ng‘irot o‘quv sport texnika klubi tomonidan sport mototsikllarining namoyishi, ularning amaliy boshqarilishi yoshlarga tushuntirildi. Sportning texnik va amaliy turlari bo‘yicha targ‘ibot ko‘rgazmasi yakunida 4 ta guruh yoshlari bilan pnevmatik miltiqdan o‘q otish sport musobaqasi o‘tkazildi. Sovrinli o‘rinni egallagan yoshlar “Vatanparvar” tashkiloti Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Tadbir so‘ngida Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestri jamoasi, estrada xonandalarining konsert dasturi hamda faxriy qorovulning saf elementlaridan iborat ko‘rgazmali chiqishlari havola etildi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA