Bugun hayotimizni tezkor aloqa vositalari, gadjet va smartfonlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu kabi qurilmalar kattani ham, kichikni ham o‘ziga tobe qilib olayotgani achinarli holat bo‘lsa, farzandlarimizning unga mukkasidan ketib, qaram bo‘lib qolayotgani esa chinakam fojeadir.
“Farzandim xarxasha qilmasin, yig‘lamasin, muhimi tinchimni buzmasin” degan fikrda zamonaviy qurilmalarni ularning qo‘liga qo‘shqo‘llab topshirib qo‘yayotgan aslida befarq ota-onalarning o‘zi emasmi?
Gadjetlar yordamida bolaning miyasini charxlamoqchi bo‘lgan ota-onalar mutlaqo xato qiladilar. Bola ekrandan ma’lumot olishni, mobil o‘yinlar orqali biron vazifani bajarishga o‘rganib qolsa, uning jamiyatga moslashishi juda qiyin kechadi. Ekranda uddalay olgan vazifani hayotda ba’zida bajarolmay qolishi mumkin. Chunki u ekran bilan muloqot qilishga o‘rganib qolgan bo‘ladi.
Shifokorlarning aytishicha, mobil telefonlaridan tarqalayotgan nurlanish qon hujayralariga nihoyatda zarar. Ayniqsa bunday holat yosh bolalarning nafaqat ko‘z kasalliklari rivojlanib ketishiga, balki unga psixologik nuqtai nazardan ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bola asabiylashib, qiyinchilikni boshidan kechirayotgan payti unga onaning e’tibori kerak, telefon ekrani emas. Xulosa o‘rnida aytmoqchi bo‘lganimiz, yosh bolangizga telefon berib qo‘ymang. O‘z qo‘lingiz bilan uning kelajagini barbod qilmang!
O‘tkir ALIMOV, Doniyor YOQUBOV (video), O‘zA