Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Sarobga aldanganlar qismati” kitobining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Zamon-Press-info nashriyot uyi” tomonidan chop etilgan kitob taqdimotida ma’naviyatchilar, diniy va huquq-tartibot idoralari mutaxassislari, poytaxtimizdagi oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchi va talabalari, faol yoshlar, jurnalistlar ishtirok etdi.
Bugungi tezkor rivojlanayotgan davrda turli illatlar avj olib, har xil oqimlar insoniyat kelajagiga tahdid solmoqda. Achinarlisi, ular ma’naviyati bo‘sh yoshlar, hatto yoshi kattalar, xotin-qizlarni ham o‘z domiga tortmoqda. Turli yolg‘onlar, soxta ko‘rinishlarga aldanib, o‘z Vatani, ota-onasi, farzandlariga xiyonat qilib, xoinlar qutqusiga uchayotganlar, moddiy manfaatni hamma narsadan ustun qo‘yish orqali yo‘lini yo‘qotayotganlar talaygina.
Ushbu jamlanma bir necha yillardan buyon o‘z zararli ta’siri orqali oilalarni barbod qilib, minglab bolalarning yetim qolishiga, odamlarning ma’siyat va gunohga botishiga sabab bo‘layotgan terrorizm va uning ayanchli oqibatlariga bag‘ishlanadi.
Kitobda o‘z qilgan xatosi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan, jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o‘tayotgan yoxud o‘tab qaytgan yurtdoshlarimizning chin dildan bildirgan iqrorlari, nadomatlari jamlangan. Shu bilan birga, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan fuqarolarning oila a’zolari, yaqinlari, mahalladoshlari tomonidan yo‘llangan maktublari badiiy tarzda kitob holiga keltirilgan.
Ushbu maktublar avvalo “Darakchi”, “So‘g‘diyona”, “Darakchi plyus” gazetalarida, Darakchi.uz saytida e’lon qilingan. So‘ng aholi takliflari asosida, ushbu voqealarni keng omma, xususan, yosh avlodga yetkazish maqsadida kitob holida jamlangan.
Mazkur kitob Prezidentimizning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi doirasida chop etilgan.
Bo‘lgan voqealardan iborat jamlanma yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, keng dunyoqarashga ega, har tomonlama sog‘lom avlodni voyaga yetkazish, aholini hushyorlikka chaqirishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida mazkur kitobning mazmun-mohiyati, uning yosh avlod ongi va tarbiyasiga ta’siri xususida so‘z yuritildi.
Barno Meliqulova, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA