Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda fraksiya a’zolari bir qator qonun loyihalarini muhokama qildi.

Jumladan, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda muhokama etildi.

“Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasida aholiga sifatli mahsulotlarni yetkazib berish, iqlimga mos qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, aholining bandligini ta’minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, — dedi deputat A’zamjon To‘laboyev. — Mazkur qonun loyihasida qishloq xo‘jaligining sug‘oriladigan yerlarida faoliyat ko‘rsatayotgan suv iste’molchilari va tuman irrigatsiya bo‘limlari o‘rtasida suv yetkazib berish va suv xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuzilishi nazarda tutilmoqda. Xususan, qonun loyihasida tuman irrigatsiya bo‘limlari tomonidan o‘zlari xizmat ko‘rsatadigan fermer xo‘jaliklarining qaysi suv ob’ektlaridan suv olishi, suv iste’moli rejalari tuzilishi va tasdiqlanishi, fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda boshqa suv iste’molchilari uchun suv olish limitlarining belgilanishi, jamoa bog‘lari, tokzorlar, ekinzorlarni va tomorqa yer uchastkalarini suv bilan ta’minlash, suv yetkazib berish va suv xo‘jaligi xizmatlarini ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma asosida belgilangan tartibda amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Qonun loyihasi bilan «Fermer xo‘jaliklari to‘g‘risida»gi, «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi va boshqa qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan bir qator takliflarini bildirib, qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladilar.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA