Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi hamda Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun doirasida amalga oshirilgan ishlar, bu borada mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilayotgan choralar yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralarning axboroti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, 2021 yil 15 noyabrda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun mamlakatimizda xususiylashtirish jarayoniga to‘sqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etishga, yakka tartibdagi tadbirkorlarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun yer uchastkalarini xususiylashtirishga imkon yaratdi. Shuningdek, kichik sanoat zonalari, xususiylashtirilishi mumkin bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi munosabatlar tartibga solindi.
— Mazkur qonun ijrosi doirasida yer uchastkalarini auksion savdolariga chiqarishda amaldagi tartib-taomillar soddalashtirildi, — dedi Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Ravshan Mamutov. — Xususan, bo‘sh yer uchastkalarini elektron onlayn auksionga qo‘yish muddatlari ijara huquqi bilan beriladigan yer uchastkalari uchun 48 kundan 16 kungacha, mulk huquqi bilan beriladigan yer uchastkalari uchun 74 kundan 22 kungacha qisqartirildi.
Axborotda qayd etilganidek, 2022 yilning boshidan bugungi kunga qadar “Yerelektron” axborot tizimiga jami 90,8 mingta (5 827 gektar) bo‘sh yer uchastkalari bo‘yicha takliflar kiritilib, shundan 59,1 mingtasi (3 589,7 gektar) 1,71 trillion so‘m boshlang‘ich narxda auksion savdolariga chiqarilgan. Yuridik va jismoniy shaxslarga doimiy foydalanish, ijara va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish qiymati avval yillik yer solig‘ining 20 baravari, keyinchalik Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlarida yer solig‘ining 10 baravari, boshqa hududlarda 5 baravari qilib belgilangan.
– Oʻtgan davr mobaynida (2023-yil 16-fevral holatiga) 35 ming 368 ta yer uchastkalarini xususiylashtirish yuzasidan murojaatlar kelib tushgan, – dedi Kadastr agentligi direktori oʻrinbosari Mirsaid Mirmaqsudov. – Shundan 13 ming 163 tasiga (34.4%) ijobiy xulosa berilgan, 22 ming 784 tasi rad etilgan va 421 tasi jarayonda.
Shuningdek, shaharsozlik hujjatlari bo‘lmagan joylardagi yerlarni hududiy arxitektura va shaharsozlik kengashi bilan kelishilgan holda savdolarga chiqarish hamda ijara huquqi asosida savdoga chiqarilayotgan yer uchastkalari boshlang‘ich narxini bozor sharoitiga mos ravishda hisoblash mexanizmlarini joriy etish takliflari ilgari surildi.
M.Komilova, O‘zA