FOTOREPORTAJ

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Markaziy apparatida “Yoshlar parlamenti”ga o‘tkazilayotgan saylovning respublika bosqichi dastlabki qismi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi “Yoshlar parlamenti” tom ma’noda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy jarayonlarda yoshlarning ishtirokini ta’minlashga qaratilgan fuqarolik jamiyatining muhim tarkibiy qismiga aylanmoqda.

Belgilangan rejaga ko‘ra, 17, 20 hamda 21 fevral kunlari uch qismda bo‘lib o‘tadigan saylovning respublika bosqichi o‘ta qizg‘in ruhda boshlandi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda hududiy Kengash deputatlari, partiya Siyosiy Kengashi rahbariyati va a’zolari, partiyaning Markaziy apparati xodimlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi mutasaddilaridan iborat tarkibdagi hakamlar hay’ati nomzodlar hujjatlari va saylovoldi dasturlarini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqdi.

Hakamlar poytaxtdan olis hududlarda yashovchi nomzodlar bilan ZOOM platformasi orqali onlayn tarzda bevosita suhbatlar ham olib bordi. Jarayonda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan nomzodlarning qonunchilik sohasidagi bilim va tajribasi, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflari, partiya faoliyatidagi faolligi, o‘z ortidan yoshlarni ergashtira olish salohiyati, davlat boshqaruviga oid bilimi, jamiyatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga doir qarashlari alohida inobatga olindi.

Saylovning bugungi, birinchi qismida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Namangan hamda Navoiy viloyatlaridan 18 nafar nomzod ishtirok etdi. Saylovning ikkinchi va uchinchi qismida Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Xorazm, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahridan yosh nomzodlarning salohiyati sinovdan o‘tkaziladi.

Mazkur jarayonlar yakunida, saylov Nizomida belgilangan talablarga ko‘ra, saylov hay’ati tomonidan O‘zbekiston “Adolat” SDPdan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga bo‘lib o‘tgan saylovda egallagan o‘rniga mos ravishda, “Yoshlar parlamenti”ga munosib 24 nafar nomzodni ochiq ovoz berish yo‘li orqali saylash nazarda tutilgan.

Kamola Yusupova, Davron Ernazarov (surat) O‘zA