Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 fevral kuni Farg‘ona viloyatida bo‘lib, hududlardagi amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, aholi hayoti bilan yaqindan tanishdi.

Xalqimiz farovonligini oshirish, bandligini ta’minlash, iqtisodiyot rivojida yirik loyihalar muhim ahamiyatga ega. Shu bois har bir shahar va tumanning salohiyatidan kelib chiqqan holda istiqbolli rejalar hayotga tatbiq etilmoqda.

Davlatimiz rahbari 2022 yil may oyida viloyatga tashrifi chog‘ida “Global textile infinity” klasterining ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishgan edi. O‘shandagi ko‘rsatmalar asosida loyiha jadallashtirilib, dekabrda ishga tushirildi.

Bu galgi tashrifda Qo‘shtepa tumanidagi mazkur to‘qimachilik korxonasi ko‘zdan kechirildi.

Bu yerda paxta yetishtirish va uni qayta ishlashning to‘liq jarayoni yo‘lga qo‘yilgan. 132 million yevro evaziga katta fabrika tashkil etilib, Shveysariyaning “Rieter Machine Works” uskunalari o‘rnatilgan.

Korxona yiliga 18 million metr aralash mato hamda 10 million dona tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Yevropa davlatlari va Xitoyga 85 million yevrolik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Buning uchun korxonada sifat laboratoriyasi tashkil etilgan.

Prezident tayyor mahsulotlar turini ko‘paytirish, taniqli brendlar bilan hamkorlik o‘rnatish zarurligini ta’kidladi.

Yana bir muhim jihati, ishlab chiqarishda energiya tejamkor texnologiyalar qo‘llanilmoqda. Inshootning tom qismiga quyosh panellari o‘rnatilmoqda. Bularning natijasida qariyb 23 foizgacha energiya samaradorligiga erishish mumkin.

Hozirgi birinchi bosqichda korxonada 1 ming 500 nafar kishi ishlamoqda. Joriy yil mart oyida fabrikada to‘qima mato ishlab chiqarish boshlanadi. Shuningdek, Uchko‘prik tumanida ip-kalava va mato tayyorlash hamda paxtani qayta ishlash korxonalari tashkil etilmoqda. Shunda klasterdagi jami ish o‘rni qariyb 5 mingtaga yetadi.

Bu yerda o‘quv va kasanachilik markazi ham ochilgan. Unda korxona uchun zarur 4 ta yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Ushbu klaster majmuasida vodiy viloyatlarida paxta-to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

O‘tgan olti yilda bu viloyatlarda 35 ta klaster tashkil etilib, 670 million dollarlik 150 dan ortiq yirik loyiha ishga tushirilgan.

Ma’lumki, shu yil 26 yanvarda paxtachilik klasterlari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga oid Prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, klasterlar paxta yetishtirishga o‘g‘it, urug‘, yoqilg‘i uchun imtiyozli kreditlarni istalgan vaqtda olish imkoniga ega bo‘ldi. Ularga g‘o‘za navlarini mustaqil joylashtirish, chetdan hosildor navlarni seleksiya uchun olib kelishga ruxsat berildi.

Shuningdek, lazerli tekislagichlarni sotib olishda ular qiymatining 30 foizi byudjetdan qoplab beriladi. Ishlab chiqarishni ilm bilan bog‘lash maqsadida har bir klasterga paxtachilik ilmiy tashkilotlari va agroxizmat markazlari biriktiriladi.

Yig‘ilishda mazkur chora-tadbirlarning amaliy jihatlariga to‘xtalib o‘tildi.

Paxta hosildorligini oshirish, ip-kalavani chuqur qayta ishlab, tayyor mahsulotlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Vodiyning 23 ta tumanida “xom ashyo – tayyor mahsulot – eksport” zanjiri asosida, to‘qimachilik sanoatini chuqur rivojlantirish uchun barcha imkoniyat va sharoitlar bor. Shu bois mazkur 3 ta viloyatda to‘qimachilik mahsulotlari eksportini joriy yilda 2,5 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi ta’kidlandi.

Iqtisodiyot tarmoqlaridagi bugungi tendensiyaga hamohang, klasterlar ham energiya iste’molining bir qismini muqobil manbalarga o‘tkazishi zarurligi qayd etildi.

Prezident Quvasoy shahridagi “Art soft ceramics” korxonasida bo‘ldi.

O‘tgan yil dekabrda ish boshlagan korxona yiliga qariyb 3 million kvadrat metr keramogranit mahsulotlar tayyorlash quvvatiga ega. Ayni paytda bu yerda 350 nafar ishchi va mutaxassis mehnat qilmoqda.

Mahalliylashtirish darajasi 100 foiz bo‘lgani bois tovarlar xorijnikidan ancha arzon narxlarda bozorga chiqarilmoqda. Shuningdek, ularning 35 foizi Rossiya, Qirg‘iziston va Tojikistonga eksport qilinishi rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari korxonada va umuman Quvasoy shahrida eksport ko‘rsatkichlarini oshirish muhimligini ta’kidladi. Buning uchun chet eldagi sanoat zonalari bilan hamkorlik o‘rnatish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Tibbiyotda xususiy sektorga imkoniyat berilgani raqobat va sifatni oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Farg‘ona viloyatida bunday muassasalar 720 taga yetdi. Ulardan biri Farg‘ona shahridagi “Meridian” tibbiyot markazidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

2021 yil dekabrda foydalanishga topshirilgan klinika zamonaviy tashxis va davolash xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda. Buning uchun Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Xitoydan zamonaviy uskunalar keltirilgan. Shifoxona 120 ta statsionar o‘ringa, yiliga 2 mingta jarrohlik amaliyotini o‘tkazish quvvatiga ega.

E’tiborlisi, o‘tgan yili tibbiyot markazi huzurida universitet ham ochildi. Hozir 600 nafar talaba o‘qimoqda, ularga chet ellik o‘qituvchilar saboq berayotir. Talabalar tibbiyot markazida amaliyot o‘taydi.

Shu tariqa bu muassasa zamonaviy klinikalar, tashxis markazlari, laboratoriyalar va universitetni o‘zida birlashtirgan tibbiyot klasteriga aylandi.

Davlatimiz rahbari shifokorlar bilan suhbatlashdi.

– Xususiy tibbiyotga sharoit yaratganimiz o‘zini oqladi, buni aholi qabul qildi. Chunki odamlarimiz yaxshi yashashga intilyapti, o‘z sog‘lig‘iga qarayapti. Aholi daromadini oshirish bo‘yicha qilayotgan hamma harakatlarimiz aslida shuning uchun – xalqimizning sog‘lom va farovon yashashi uchun, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Klinikaning intervension kardiologiya, kardioxirurgiya, transplantologiya, radiologiyani yo‘lga qo‘yish borasidagi loyihalari haqida ma’lumot berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Marg‘ilon shahridagi “Oltin ipak karvonsaroyi” turistik markazini borib ko‘rdi.

Bu yerga kelgan kishi qadim o‘zbek xonadonlaridagi muhitni his etadi. Majmuaning birinchi qavatida gilamdo‘zlik, kashtachilik, misgarlik kabi xalq hunarmandchiligi xonalari joylashgan. Ularda sayyohlar milliy mahsulotlarimizning tayyorlanish jarayonini yaqindan ko‘rishi, xarid qilishi mumkin.

Ikkinchi qavatda jami 30 o‘rinli qadimiy uslubdagi karvonsaroy tashkil etilgan. Istiqbolda majmua bir yilda 10 mingdan ortiq sayyohlarga xizmat ko‘rsatishi mo‘ljallangan.

Davlatimiz rahbari milliy o‘zligimizga va yoshlar tarbiyasiga e’tibori uchun hunarmandlarga minnatdorlik bildirdi.

– Hozirgi yuksak texnologiyalar asrida mana shunday oddiy, samimiy joylarni odam sog‘inadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bu hunarlarni, bu madaniyatni bobo-momolarimiz faqat qo‘li bilan emas, qalb qo‘ri bilan yaratgan. Bir paytlar bu yo‘nalishlar yo‘qolib ketishiga oz qolgandi. Ularni asrab-avaylayotganingiz uchun rahmat. Bu madaniyatimizni nafaqat chet elliklarga targ‘ib qilish, balki farzandlarimizga ham singdirish kerak.

Prezident ustalarning milliy hunarlarni maktablarda o‘rgatish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Mutasaddilarga turizm salohiyatini oshirish, uni targ‘ib etishda kino san’atidan oqilona foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

O‘tgan yili Marg‘ilon shahriga «Jahon ipak va ikat hunarmandlari shahri» maqomi berilgan edi. Bunday maqomga Buxoro zardo‘zlik, Qo‘qon yog‘och o‘ymakorligi bo‘yicha sazovor bo‘lgan.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

Ma’sudjon SULAYMONOV, O‘zA muxbirlari