O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tayyorlagan va nashr qilgan “Islom Karimov – mustaqil O‘zbekiston asoschisi” kitob albomini kutubxonaga tuhfa etish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova, bir qancha tashkilot vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.

Taqdimotdan maqsad buyuk davlat va siyosat arbobi I.A.Karimovni ibratli hayot yo‘lini keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlarga tanishtirish, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti xotirasini abadiylashtirishdan iborat.

Mazkur kitob-albomda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Birinchi Prezidentimiz haqida aytgan iliq fikrlaridan iborat so‘zboshisi keltirilgan.

Kitob-albomda birinchi Prezidentimizning turli yillardagi faoliyatiga oid noyob suratlari, xorijiy davlat rahbarlari, davlat va siyosat arboblari, turli soha vakillarining Islom Karimov haqidagi samimiy dil so‘zlari, fikrlari joy olgan.

Bir qancha nusxadagi kitob-albomdan kutubxona foydalanuvchilari istaganicha foydalanishi mumkin. Yanada ko‘proq qulaylik yaratish uchun kutubxona xodimlari tomonidan kitobning elektron ko‘rinishi ham tayyorlanmoqda.

 

Inobat Ahatova, O‘zA