Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida davlatimiz rahbari farmon va qarorlarining joylarda ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Z.Mahkamova va boshqalar davlatimiz rahbarining 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, joriy yil 29 iyundagi “Mahallalarda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yordam berish tizimini yangi bosqichga ko‘tarish, xotin-qizlarni kasbga o‘rgatish ishlarini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 21 sentyabrdagi “Xotin-qizlar bandligini oshirish va salomatligini mustahkamlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi yuzasidan dolzarb vazifalarga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘ligini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida  keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, mahallalarda ijtimoiy muammolarni aniqlash va hal etish ishlarini kompleks tashkil etish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga “oilabay” yondashuv tizimini joriy etish, ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarning soni va sifatini oshirish, bunga javobgar bo‘lgan vazirlik va idoralarning mas’uliyatini kuchaytirish, xotin-qizlarni kasbga o‘qitish tizimini yanada jadallashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda kasanachilik, xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish orqali oila byudjeti daromadlarini oshirish, ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlar sonini qisqartirish, uy mehnatidan foydalangan holda ishlab chiqarishni yanada kengaytirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tadbirda xotin-qizlar bandligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish, ayollar salomatligini ta’minlash va subsidiya ajratishdagi kamchiliklar qayd etildi va ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli idora vakillariga topshiriqlar berildi.

Tashrif davomida Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Z.Mahkamova Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limiga bordi. Bu yerda ayollar bilan muloqot qildi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA