Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sohibi Kenesbay Raxmanov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari R.Zarikeyev, Qoraqalpog‘iston yozuvchilar uyushmasi  mas’ul kotibi B.Yernazarov, “Amudaryo” jurnali bosh muharriri, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri X.Dao‘letnazarov va boshqalar so‘zga chiqib, shoir, yozuvchi, dramaturg va jurnalistning hayoti va ijodi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, K.Raxmanovning ijodi haqida so‘z yuritilganda milliy adabiyotimiz, madaniyatimiz hamda san’atimiz rivoji yo‘lida fidokorona mehnat qilgan, tug‘ilib o‘sgan ona Vatani,  uning tuprog‘ini muqaddas bilgan ijodkor, elimizning jonkuyar farzandi ko‘z oldimizga keladi.

Bu yil tavalludining 80 yilligi keng nishonlanayotgan ijodkor yoshligidan ilohiy talantini yurtimizning ulug‘ligini, go‘zalligini, xalqimizning pokligini, ochiq  ko‘ngilligini, madaniyatini tariflab, uni oq qog‘ozga tushirish uchun munosib so‘z tanlashga sarfladi. Badiiy adabiyotning nazm, nasr va dramaturgiya yo‘nalishlarining rivojiga barobar xizmat qilib, o‘zining hech kimga o‘xshamagan ijod yo‘li bilan tanildi.

1969 yili Qoraqalpoq davlat pedagogika institutini tamomlab, Qoraqalpog‘iston televideniye va radio qo‘mitasida dastlab katta muharrir, televideniye bo‘yicha bosh muharrir, Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida adabiy bo‘lim  boshlig‘i bo‘lib ishlash bilan birga, ijodiy maydonda tinimsiz mehnati, talabchanligi va izlanuvchanligi bilan xalqimizning hurmatiga sazovor bo‘ldi.

Uning “Senga shoshilaman”, “Hayot haqida o‘ylar” , “Hayot sen yolg‘izsan”, “To‘ng‘ichimiz qiz bo‘lsa”, “Sen haqida she’r”, “Arg‘umog‘im”, “Kuzgi muhabbat” she’riy to‘plamlari, “Payg‘ambar yoshidagi kuyov” romani uy kutubxonasini faqat bezab turadigan emas, balki hayot tashvishlaridan charchagan ko‘ngillarni ilohiy tuyg‘ular bilan to‘ldiradigan, o‘z davrining va bugungi yoshlarning qalbida Vatanga sadoqat, milliy g‘oyalarga hurmat hissida tarbiyalaydigan, xalqimiz sevib o‘qiydigan bebaho xazinaga  aylandi.

Ayniqsa, ijodkorning milliy dramaturgiya rivojiga qo‘shgan katta hissasini alohida ta’kidlash lozim. Uning “Kelin”, “To‘qqiz to‘nqildoq va bir shinqildak”, “U dunyoga taklif”, “Yarali yuraklar”, “Kechikkan bahor”, “Laqqilar kasalxonada” kabi p’esalari sahnalashtirilib, tomoshabinlar qalbidan chuqur joy oldi.

Butun hayotini milliy adabiyotimiz, madaniyatimiz va san’atimiz rivojiga bag‘ishlagan ko‘p qirrali ijodkor K.Raxmanovning porloq siymosi xalqimiz yodida abadiy saqlanadi, uning asarlarini kelajak avlod sevib o‘qiydi.

Tadbir ishtirokchilariga ijodkor hayoti va ijodiga bag‘ishlangan sahna asari namoyish etildi.

 

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA