Oliy Majlis Senati kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senatning o‘ttiz uchinchi yalpi majlisini chaqirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva olib borgan majlisda Senatning o‘ttiz uchinchi yalpi majlisini 2022 yil 7 oktyabr kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Qayd etilganidek, navbatdagi yalpi majlisda “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi, “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar ko‘rib chiqiladi.

Yalpi majlisda “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga pensiya tayinlash tartibini takomillashtirishga qaratilgan  o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi va “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlarni ham muhokama qilish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, senatorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalarini ko‘rib chiqadi.

Shuningdek, Farg‘ona viloyati hokimining investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti ham eshitiladi.

Iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohalarida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi hamda Orolbo‘yi mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan ikkita parlament so‘rovi natijalari ham muhokama qilinadi.

O‘zA