Alisher Navoiy ijodida Navro‘z ta’rifi, Navro‘z shukuhi tasviri alohida o‘rin tutadi. Shoirning deyarli barcha asarlari – g‘azallari, dostonlari, “Tarixi muluki Ajam”, “Mahbub ul-qulub”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Munshaot” kabi nasriy asarlarida ham Navro‘z bilan bog‘liq fikr-ma’lumotlar, ta’rifu tavsiflar, obrazli iboralar, betakror qofiyalarga duch kelamiz. Bu so‘z Navoiy ijodida nafaqat Navro‘zni, umuman, bahorni bildirib keladi.
Ma’lumki, Navro‘z shamsiy yil – Quyosh taqvimi bo‘yicha yangi yilning birinchi kuni (mart oyining 21-kuniga to‘g‘ri keladi). Quyosh Hamal burjiga kirgan Farvardin oyining birinchi kuni. Qadimgi falakiyot ilmiga ko‘ra, 12 burj mavjud bo‘lib, quyosh yil davomida har bir burjda bir oydan bo‘ladi. Oxirgi burj – Hutdan birinchi burj – Hamalga o‘tgan kundan shamsiy yil boshlanadi.
Navro‘z bayramiga afsonaviy Jamshid asos solgan. U qadimgi Eronning peshdodiylar sulolasiga mansub uchinchi hukmdori bo‘lgan. Alisher Navoiy “Tarixi muluki Ajam” asarida yozishicha ham, u Istaxr shahrida: “uluq binoye soldikim, holo osori va nishonalari borkim, odamizod andoq yasamoq mahol ko‘runurkim, kishi ko‘rmaguncha bovar qilmas. Va ani Chihilminor derlar. Chun bu imorat tugandi, olam salotin va ashrof va akobirin yig‘ib, anda azim jashn qildi. Ul vaqtkim, quyosh nuqtai e’tidoli rub’ig‘a tahvil qilib erdi, ul binoda taxt ustida o‘lturub, adolat siyt va sadosin olamg‘a muntashir qildi va ul kunning otin Navro‘z qo‘ydi”. Navoiyning nasrda yozgan bu ma’lumotlari Firdavsiyning “Shohnoma”sida bitgan quyidagi baytlarini yodga soladi:
Yil boshi Xurmuzu edi farvardin,
Dilda na g‘am qoldi, na adovat-kin.
Bu baxtiyor kunni o‘shandan buyon,
Shohlardan yodgor deb bilurlar hamon.
Hazrat Alisher Navoiy o‘z asarlarida bahor fasli bilan bog‘liq tasvirlarni ham maroq bilan yozar ekan, Navro‘zni ham tilga olgan va buning yorqin misoli “Layli va Majnun” dostonida bitgan “Bahor vasfi“ nomli bobidir. Uni qaysidir ma’noda ulug‘ shoirning bahor va Navro‘z haqidagi hayratlari deyish mumkin. Bobni shoir go‘yo donishmand xalqimizning “Hamal kirdi – amal kirdi”, “Hamal kirdi, ekinlarga amal kirdi”, degan qadimiy maqoliga poetik ishorasi bilan boshlangan:
Mehr istadi chun hamal farog‘i,
Dasht uzra butar qo‘zi qulog‘i.
Gul sham’i havoyi gulshan aylar,
Gulshanni furug‘i ravshan aylar.
Shoir bobning keyingi tasvirlarida esa bahor osmonida yetti rangda tovlanuvchi kamalagi, qut-baraka keltiruvchi yomg‘irlari, ko‘zu ko‘ngilni birdek yayratuvchi gullari bilan fasllar kelinchagi, tiriklik timsoli, deya bahorni bor bo‘yi-basti bilan tarannum qiladi. Navoiy mazkur bobda bahorni ishq va muhabbat fasli sifatida ham baholar ekan, dostonning mavzu-mundarijasidan kelib chiqib, Layli va Majnun muhabbati haqida ham go‘zal tasvirlar bitganki, buni nazariy jihatdan doston syujetidagi voqealar rivojining boshlanishi deb baholash mumkin. Qizig‘i shundaki, u Layli tilida bir o‘rinda Navro‘z so‘zini “nasimi Navro‘z” forsiy izofa shaklida (birikma) mahorat bilan qo‘llagan hamda “Navro‘z – majlisafro‘z” shaklidagi qofiyalar yaratgan. Majnunni g‘amga botgan holatda ko‘rgan, muhabbatidan bexabar Layli qizlarga xos ziyraklik, ammo xijolat bilan, ya’ni shoir so‘zlari bilan aytganda, “Bal xijlati behisob birla” Majnunni “Qanday g‘amu malomat borki, o‘zgalardek shodliging, obodliging yo‘q, do‘stlar ko‘ngli bahorda, Navro‘zda, bog‘u gulzorda bo‘lsa, sening jismingda jarohat, ko‘nglingda zor bordek”, deya savollarga tutadi. Va Najd tog‘i etaklaridan esib kelayotgan Navro‘z nasimi, bahor tarovatini Majnunga eslatadi.
Bu damki esib nasimi Navro‘z,
Gul atrini qildi majlisafro‘z.
Bog‘ o‘ldi bahordin gulafshon,
Sunbul bu gul uzra kokulafshon.
Bu faslda azmi gulshan etgay,
Bo‘ston haramini maskan etgay.
Bor oning uchunki, shod bo‘lg‘ay,
Har bandig‘a bir kushod bo‘lg‘ay.
Navro‘z nasimi esib turgan shu damda Majnun o‘zining ruhiy va jismoniy holatini birma-bir sharhlaydi hamda o‘rtanib “Ko‘nglumni burun nazarda olg‘on”, “Ko‘nglumning ishini oxir etgon”, “Ko‘nglumniki olmishang nihoni, Sendin ola olmog‘um xud oni”, deya Layliga ko‘nglini ochadi, alam aralash muhabbatini izhor qilib, hushidan ketadi. Alqissa, “Firoqnoma”ni “Yig‘lay-yig‘lay tugattim oxir”, degan shoirning bahorni, Navro‘z nasimini ul ikki oshiqqa o‘zgacha ilinganining guvohi bo‘lar ekanmiz, sababi esa, falsafiy mushohada qilsak, javobini shoir bizga dostonning bodi saboga aytgan mungli murojaatida go‘yo shunday tushuntiradi:
Ul ikki yagonai zamona
Kim, ishqda keldilar yagona.
“Saddi Iskandariy” dostonining 19-bobida shoir Navro‘z so‘zini butun borliqni birdek, saxiylik bilan yashnatuvchi bahor fasli hamda tog‘u dashtga yog‘uvchi bahorning serob qut yomg‘irlari va butun xalq umidu shukrona bilan orziqib kutadigan yilboshi bayrami, ya’ni Navro‘z bayrami ma’nolarida san’atkorona qo‘llagan hamda adolat barchaning tengligidir, degan o‘zining ijtimoiy fikrlariga tamsil qilib keltirgan va ham doimgidek ulug‘ shoir Navro‘z so‘zini qofiyaga chiqarib, “navro‘zdek – jahonso‘zdek” kabi qofiyalar yaratgan:
Adolat aro fasli Navro‘zdek,
Siyosatda barki jahonso‘zdek.
Adolati bahordek, bahor yomg‘irlaridek va Navro‘zdek bo‘lsa, siyosati esa go‘yo olamni kuydiruvchi bahor chaqmog‘idekdir. Adolat va siyosat tushunchalarini bunday shaklda, ya’ni xalqning ko‘ngliga yaqin tushuncha, hodisalar bilan qiyoslash, barcha osonlik bilan tushunadigan, yodida qoladigan usulda tushuntirib berish Navoiy ijodiga, uslubiga xos mahoratni ko‘rsatuvchi betakror poetik hamda didaktik topilmadir. Chunki adl, adolatni Navro‘zga qiyoslash faqat va faqat Navoiy ijodida uchraydi.
Dostonning Husayn Boyqaroning kichik o‘g‘li Muzaffar Husayn mirzoga bag‘ishlangan 84-bobida esa shoir o‘zining “Ollohga shukrkim, yil yaxshi kelib, baxtim, g‘ayratim, ilhomim ijodiy ishimga rivoj berib, bu shohona kitobni, ya’ni eng katta doston – 89-bobdan iborat “Saddi Iskandariy”ni tugatdim, tugatganda ham bezab tugatdim” degan shukronasini bayon etib (shukronasida shoir “Xamsa”ning ham omadli yakunlanganligiga ishora qilgan – B.R.), shahzodaga shoirona lutf, ustozlarga xos talabu mehr bilan nasihatlar, tilagu istaklar bitar ekan, yilning yaxshi kelishi Navro‘zdan, bahordan ma’lum bo‘lganidek, elu yurt uning olamni yorituvchi yuzidan ko‘p umidvor, degan hayotiy xulosalarining badiiy talqinini quyidagicha tasvirlaydi:
Ulus chehrai olam afro‘zidin,
“Bilur yil kelishini Navro‘zidin”.
Ko‘rinib turibdiki, shoir baytda irsoli masal san’ati yordamida dono xalqimizning “Yilning yaxshi kelishi bahordan ma’lum” degan maqolini o‘rinli ishlatgan. Navoiy baytda bahor so‘zi o‘rnida Navro‘z so‘zini qo‘llab, so‘z o‘yini qiladi, birinchidan, Navro‘z ayyomiga ishora qilsa, ikkinchidan esa “afro‘zidin-Navro‘zidin” shaklda go‘zal va mantiqan izchil qofiyalar ijod qilgan hamda talmeh, tanosub san’atlari vositasida bahor chog‘i, yangi yil kirgan vaqtga, duo, tilak, niyatlar ijobat bo‘ladigan kunga ham ishoralar qilgan. Demak, shoir ushbu ishoralari bilan nafaqat shahzodani, balki butun insonlarni ezgulikka undagani shubhasiz.
Navoiy “Holoti Pahlavon Muhammad”da ustoziga nisbatan Navro‘z so‘zini qo‘llab “Pahlavonning suhbati Navro‘z bayramicha erdi” deya juda go‘zal va ohorli lutf qiladiki, nazarimizda, bunday lutf Navro‘zni bayram sifatida nishonlaydigan xalqlar didaktikasida, pedagogik qarashlar tarixida uchramasa kerak. Bu qadrli va qimmatli baho o‘zi va o‘zgaga jo‘shqinlik, ko‘tarinki kayfiyat ulashuvchi ham ustoz, ham shogird ongidagi, qalbidagi, ruhiyatidagi, jismidagi, xonadonidagi barcha g‘uborlarni ko‘tarib, salomatlik, xotirjamlik, “Keng fe’l – ketmas davlat”ga yetkazuvchi o‘xshashi yo‘q ilhom, qiyos, mengzashdir, aslida. “Munshaot”ga kiritgan maktublaridan birinchisida bahor fasliga to‘xtalar ekan, Navoiy “Navro‘zi nasimi” birikmasini ishlatgan: “Tog‘-tog‘ niyoz raf’idin so‘ngra qof-qof ixlos yuzidin ma’ruz ulkim, bu fasldakim, Navro‘z nasimining mushkbezligi lola dimog‘in savdoyi va bahor salqinining atrengezligi bulut mizojni havoyi qilibturur, loladek savdoyilig‘din tog‘ havosi qilib, bulutdek havoyilig‘din qayo savdosi boshqa tushti”.
Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarining “Dehqonlar zikrida” nomli 31-faslida bobodehqonning “Qo‘shi ham ikki zo‘r pahlavon”, “Har qayon qilsalar harakat, elga ham qut yetkurur, ham barokat”, “Dehqonki, tuzlik bila dona sochar, Haq biriga yetti yuz eshigin ochar…” kabi hayotiy tasvirlaru tushuntirishlarini bemalol shoirning bahor va Navro‘z bilan bog‘liq nuqtalari deb baholash mumkin.
Shoir g‘azallarida ham Navro‘z ta’rifi ko‘p uchraydi. “Xazoyin ul-maoniy”ning o‘zida 5 ta g‘azal bevosita Navro‘z ta’rifiga bag‘ishlangan . Jumladan:
Vasl aro, ko‘rdum, teng emish bo‘yiyu sochi,
Tun-kun teng ekan zohir o‘lur bo‘ldi chu Navro‘z.
Ushbu baytda Navoiy yorning uzun sochlari tasviriga tabiatga, navro‘zga xos hodisalardan biri bu – 21 martda tun va kunning teng kelishini tamsil qilgan va tamsil san’atining go‘zal namunasini yaratgan, bu esa baytdagi tasvirning hayotiy va jonli chiqishiga xizmat qilgan.
Yoki:
Zulfu ruxsor ila komimg‘a meni yetkursang,
Har tunung Qadr o‘lubon, har kunung o‘lsun Navro‘z.
Mazkur baytda shoir agar lirik qahramon o‘z yori bilan maqsadiga yetsa, darajasi xalq orasida qadimdan mavjud bo‘lgan duo, tilak xarakteridagi Har tunung Qadr o‘lubon, har kunung o‘lsun Navro‘z, degan hikmatga (ba’zi manbalarda bu duo-tilak Muhammad sallallohu alayhi vassallam tomonidan aytilgani yoziladi – B.R.) hamohangligini ta’kidlagan.
Shuni alohida ko‘rsatish lozimki, Navoiy har ikki baytda ham Navro‘z so‘zini har ikki g‘azalda yaratgan qofiyalar tizimida saqlay olgan.
Yoki:
Muvofiq kiydilar, bo‘lmish magar Navro‘z ila bayram,
Chaman sarvi yoshil xil’at, mening sarvi ravonim ham.
Navoiy “Devoni Foniy” devonida “Zi hi gulho zada chok az g‘ami ro‘yat girebonho” misrasi bilan boshlanuvchi 9 baytli g‘azalida Navro‘zni “bodi Navro‘z” forsiy izofa shaklida qo‘llagan:
Chaman az maqdamat jon yofta, n-az bodi Navruzist,
Taharruk dar shajarho, jilva dar gulhoyu rayhonho!
(Tarjimasi: Daraxtlarning tebranishi, gul va rayhonlarning jilvasi Navro‘z yelidan emas, chaman sening qadamingdan jon topg‘anidadir).
Muxtasar aytganda, Navro‘z tarovati shoirga ayricha ilhom bag‘ishlagan. Navro‘z munosabati bilan u bahor go‘zalligi, yor go‘zalligi, yurt tabiatining betakrorligini qalamga olgan.
Burobiya Rajabova,
O‘zFA Til, adabiyot va folklor instituti
katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi.
O‘zA