Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz

Ko‘p millatli xalqimiz hayotida shunday bir ulug‘ va qadrli kun borki, bu qutlug‘ sana beixtiyor qalbimizda shukronalik hissini uyg‘otadi, ertangi kunga ishonchimizni mustahkamlab, yangi maqsad va marralar sari eltadi.

Har birimizni tinchlik, osoyishtalik degan ulug‘ ne’matni asrab-avaylashga, milliy qadriyatlarimizni rivojlantirish, vatanparvarlik ruhida yashash, keksalarni e’zozlash, shu Vatanning farzandi sifatida uning baxtli va farovon hayoti uchun fidokorona mehnat qilishga undaydi. Bu albatta, xalqimizning asriy orzu-armonlari ushalgan kun – Mustaqillikdir.

Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Bu esa ona O‘zbekistonimiz, unda yashayotgan 130 ortiq millat va elat vakillarining orzu umidlari, maqsad va intilishlarini o‘zida aks ettirgani bilan ahamiyatlidir.

Bu yil davlatimiz mustaqilligiga 31 yil to‘lmoqda. Bu shonli sana ko‘p ming yillik tariximizdagi hech qachon unutilmaydigan, qadr-qimmati va ahamiyati yillar, asrlar o‘tgani sayin tobora ortib boradigan buyuk tarixiy voqeadir.

Shuni ham alohida e’tirof etish joizki, barcha yutuq va muvaffaqiyatlarimiz manbai bo‘lgan mustaqilligimiz bugun dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda. Eng muhimi, odamlarimizning ongi, tafakkuri yuksalib bormoqda. Bugun xalqimiz yurtimizda bo‘layotgan voqea-hodisalarga o‘z munosabatini bildirish barobarida mustaqillik yaratib bergan imkoniyatlar, o‘zgarishlarni o‘z hayotida his etib yashamoqda. Bu esa yurtimizda inson qadri tobora yuksalib, qadrlanib borayotganidan darak beradi. Bu yilgi mustaqillik bayrami “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgani bilan ham ahamiyatlidir.

– bugungi kunda hududimizda 5 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qilmoqda, – deydi Qorao‘zak tumani “Quralpa” ovul fuqarolar yig‘ini raisi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Janabay Adilbayev. – E’tiborlisi, bu yerda nafaqat qoraqalpoqlar, balki o‘zbek, turkman, qozoq, qirg‘iz, uyg‘ur millatiga mansub aholi vakillari ahil-inoq yashab kelmoqda. Aholining yashash sharoitini yaxshilash maqsadida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2-sektor va tegishli tashkilotlar bilan birgalikda 37 ta “Ayollar daftari”ga kiritilgan xonadon tomorqasidan samarali foydalanishi va chorva mollari uchun artezian quduqlar qazib berildi. 30 nafar xotin-qizga o‘zini-o‘zi band qilish loyihasi asosida tikuv mashinasi, 15 nafariga 1 million sakson ming so‘mdan moddiy yordam puli berildi. Shuningdek, boquvchisidan ayrilgan, uy-joyga muhtoj 3 nafar ayol hamda 3 ta yosh oilaga jami 6 ta uy-joy homiylar tomonidan qurib berildi. Hududimizdagi 6 ta qishloq aholisini toza ichimlik suv bilan ta’minlash maqsadida homiylar bilan birgalikda maxsus suv tozalovchi uskunalar o‘rnatildi.

Bugun tumanning har bir hududi yangilanish, o‘zgarish va bunyodkorliklardan yangi qiyofa kasb etgan. Shahardagi bekamu-ko‘st hayot, turmush tarzi, imkoniyatlar bugun ovul hayotiga ham ko‘chdi. Mustaqillik, ayniqsa, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, o‘zgarish va yangilanishlar eng chekka hududlarda ham bo‘y ko‘rsatmoqda. Ovullarimiz qiyofasi tubdan o‘zgardi, kommunikatsiya masalalari ham bosqichma-bosqich hal etilmoqda. Yo‘llar ta’mirlanmoqda, yangi infratuzilmalar qad rostlamoqda. Yangi ish o‘rinlari yaratilib, aholi bandligi ta’minlanmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bugun har bir go‘sha, har bir hudud obod bo‘lmoqda, obod manzillarga aylanmoqda.

– Davlatimiz mustaqilligining o‘ttiz bir yilligini munosib kutib olish va ushbu qutlug‘ sanani yuksak darajada nishonlash maqsadida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning o‘tkazilishi albatta, xalqimizni xushnud etmoqda, – deydi Xo‘jayli tumanidagi 5-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi direktori Qilichboy Qarlibayev. – Qarorning imzolanganiga qisqa vaqt bo‘lgan bo‘lsa ham bayram tadbirlari allaqachon boshlanib ketdi. “Ma’naviyat festivali” doirasida tumanimizga taniqli ilm-fan namoyandalari, ijodkor ziyolilar, madaniyat va san’at arboblari tashrif buyurib, ular ishtirokida ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, dolzarb mavzular bo‘yicha fikr almashuvlar, madaniy tadbirlar o‘tkazildi. Ular hududimizdagi maktabgacha ta’lim, bolalar musiqa va san’at maktabi, ovul va mahallalarda bo‘lib, aholi bilan muloqot qildi. Mustaqillikni tarannum etuvchi kuy va qo‘shiqlar ijro etildi. Bundan xalqimiz juda xursand. Bu kabi targ‘ibot tadbirlari xalqimizning ko‘nglini, kayfiyatini ko‘tarishi bilan birga vatanparvarlik ruhida yashash, yoshlarimizni milliy istiqlol g‘oyalariga hurmat, Vatanga mehr-muhabbat, sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Birovga yaxshilik ilinish, tinch-totuvlikda hayot kechirish, do‘stlik, birodarlik kabi tuyg‘ularni yanada ulug‘lash xalqimizga xos fazilatlardan, – deydi mo‘ynoqlik mehnat faxriysi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Janabay og‘a Jusipov. – Ayniqsa, bu bayram kunlari yanada bo‘y cho‘zib, xalqimizni birdamlikka, ahillikka chorlaydi. Men mustaqillikning go‘zal manzaralarini, obod manzillarini o‘zim tug‘ilib o‘sib, kamolga kelgan Mo‘ynoq tumani misolida ko‘raman. Uzoq yillik umrim, faoliyatim davomida Mo‘ynoqning bugungi ko‘rinishi, odamlarimizning yashash tarzi yangilanganini ko‘rib, rosti ich ichimdan sevinaman, xursand bo‘laman. Bilasizmi, bugun Mo‘ynoq Prezidentimiz e’tibori va g‘amxo‘rligi bilan yangicha qiyofa kasb etdi. Misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar yuz berdi. Madaniyat markazlari, ijtimoiy ob’ektlar, yirik korxonalar, turar joylar, yoshlarimizning imkoniyatini oshirish maqsadida qad rostlagan ko‘pgina binolar, Amfiteatr, sport maydonchalari, Mo‘ynoq aeroporti bularning barcha barchasi shu yerda yashayotgan aholi, ularning baxtli hayoti uchun qilinayotgan sa’y-harakatlardir. Hozir shifoxonadaman. Ammo Mo‘ynoq haqida gap ketganda doimo o‘zimni tetik, bardam-baquvvat sezaman. Bayram arafasida aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilash, yoshlar, xotin-qizlar, keksa avlod vakillari, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash, ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish kabi ezgu maqsadlarning amalga oshirilishi yurtimizda inson qadri aziz va ulug‘ ekanligini yana bir bor isbotlaydi.

Darhaqiqat, kimdir mustaqillikni o‘z farzandining baxti kamolida, oilasi xotirjamligida, kimdir ovul-u mahallasining ravnaqida, yana kimdir ushalayotgan orzu-maqsadlarida ko‘radi. Ammo shuni ta’kidlash joizki, mustaqillik xalqimizning baxti saodatini ulug‘lovchi ulug‘ ayyom sifatida har birimiz uchun qadrlidir. Shunday ekan uni yanada mustahkamlash, asrab-avaylash shu yurtda yashovchi har bir fuqaroning insoniylik burchidir.

Feruza Nurullayeva,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi.

O‘zA