Kinochilar uyida “Baron 2. Sog‘inch” filmiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qayd etilishicha, mazkur filmni suratga olish ishlari O‘zbekiston, Rossiya va Turkiyada olib borilgan. Shuningdek, mamlakatimiz kino amaliyotida birinchi marta lenta raqamli va uy kinoteatrlari uchun yuqori aniqlikdagi tasvirlarni taqdim etuvchi o‘ta yuqori 4K rezolyutsiyada suratga olindi.
Filmda aktyor Farhod Mahmudov o‘zbek razvedkachisi misolida rolini mohirona gavdalantirgan bo‘lib, uning roli maxsus xizmatlar vakillari missiyasining murakkabligi haqida hikoya qiladi.
–“Baron 2” da suratga tushish men uchun ajoyib tajriba bo‘ldi. Qahramonim obrazi menga juda yaqin, qiziqarli va u tomoshabinlar qalbida aks-sado beradigan obraz ekanligini ayta olaman. Filmning birinchi qismi tomoshabinga yoqqanini inobatga olib, davomi ham bundan kam bo‘lmagan qiziqish uyg‘otishiga ishonaman. Suratga olish guruhining professionalligini alohida ta’kidlab, Kinematografiya agentligiga yordam va qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman.
Agentlikning amaliy yordami bo‘lmaganida film yuqori saviyada katta ekranlarga chiqarilmagan bo‘lar edi, deb o‘ylayman. Shuningdek, bugungi kunda mamlakatlarimiz faol hamkorlik qilib, qo‘shma loyihalar ishlab chiqarayotganligi uchun O‘zbekiston rahbariyatiga chuqur minnatdorchilik bildirmoqchiman, –dedi Farhod Mahmudov.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA