Joriy yilning 10-19 avgust kunlari «Bunyodkor» futbol akademiyasining 5 nafar iste’dodli yosh futbolchi va 5 nafar murabbiy amaliyot o‘tash uchun Xorvatiyada bo‘lib keldi.

Bu haqda «Bunyodkor» futbol klubi bosh direktori Ulug‘bek Mirzayev ma’lum qildi.

Dunyoda futbol akademiyalari ichida oltinchi, Yevropada uchinchi o‘rinda bo‘lgan «Dinamo» futbol akademiyasida asosiy urg‘u jismoniy tayyorgarlikka qaratilgan ekan. Diqqatimizni tortgan xususiyatlardan biri, ular mashg‘ulotlarni rasmiy uchrashuvlardagidek vaziyatlarga tenglashtirilgan holatlar ustida juda ko‘p ishlashar ekan.

Ko‘rikka borgan yosh iqtidorlarni «Dinamo» murabbiylari «Dinamo» U-17 – «Xrvatski Dragovolyas» U-19 o‘rtoqlik uchrashuvida tekshiruvdan o‘tkazishdi.

Xorvatiya milliy terma jamoasi sobiq darvozaboni, “JCH-2002” va 2006, “YeCh-2004” ishtirokchisi, hozirda klub akademiyasi direktori bo‘lgan Tomislav Butin yosh futbolchilarimizga yaxshi baho berdi.

– Texnik tarafdan o‘zbekistonlik yosh futbolchilarning saviyasi yuqori. Tahlilchilarimiz fikrlariga tayanib gapiradigan bo‘lsam, ikki futbolchi bizga ko‘proq ma’qul tushdi. Ular 16 yoshda. FIFA qoidalariga ko‘ra, xalqaro o‘tishlarga futbolchi 18 yoshga to‘lganidan so‘ng ruxsat beriladi. Bizga manzur bo‘lgan futbolchilar borasida «Bunyodkor» rahbariyatiga albatta aloqaga chiqamiz, – dedi u.

«Bunyodkor» a’zolarining «Yevropa futbol maydonlariga navbatdagi «yurishi» mana shunday voqeliklar bilan muhrlandi. Uning rivoji qanday kechishini, yosh bunyodkorchilar qachondan Xorvatiya futbol jamoalarida tup tepa boshlashini vaqt ko‘rsatadi. Muhimi, O‘zbek futbolining 5 nafar qaldirg‘ochi «Dinamo» murabbiylari nazarida.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA