Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani Madaniyat bo‘limida O‘zbekiston kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida “Dilshoh media” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan tumanning sobiq hokimi, davlat va jamoat arbobi, marhum Rajapbay Yo‘ldashev haqidagi “El farzandi” nomli hujjatli film taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Ma’naviyat festivali” doirasida tashkil qilingan ushbu tadbir avvalida Rajapbay Yo‘ldashevning hayoti va mehnat faoliyatiga doir fotosuratlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.
Taqdimotda O‘zbekiston kinematografiya agentligi, “Dilshoh media” kinostudiyasi xodimlari, kino, teatr, san’at ustalari, film qahramonining oila a’zolari, do‘stlari, tuman ziyolilari, keng jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Taqdimot marosimida dastlab film ijodkorlari, amudaryolik ziyolilar, film qahramonining oila a’zolari so‘zga chiqib, Rajapbay Yo‘ldashevning el-yurt obodligi va xalq farovonligi yo‘lida qilgan xizmatini yodga oldi.
Rajapboy Yo‘ldashev 1998 yilda Amudaryo tumani hokimi lavozimiga tayinlangandan so‘ng tuman hayotida katta ijobiy o‘zgarishlar qildi. U rahbarlik qilgan yillarda aholining bandlik darajasi oshdi. 1998-2016 yillarda 58 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Uning rahbarligida qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, shirkat xo‘jaliklarini fermer xo‘jaliklariga aylantirish, haqiqiy mulk egaligini qaror toptirish borasida keng qamrovli tadbirlarni amalga oshirdi. 1998 yilgacha tumanda birorta ham mahsulot xorijga eksport qilinmagan bo‘lsa, 2016 yilga kelib 10 dan ortiq eksportyor korxona tomonidan 15 turdagi mahsulot eksporti yo‘lga qo‘yildi. Natijada tuman ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa sohalarda nafaqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, balki mamlakatimizning boshqa tumanlari orasida ham o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Ushbu mehnatlari uchun 1999 yilda “Shuhrat” medali, 2003 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi faxriy unvoni, 2014 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.
Film taqdimotida qatnashganlar Rajabboy Yo‘ldoshevning ulug‘vor ishlarini yodga oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA