Qoraqalpoq davlat qo‘g‘irchoq teatri Murat Begimovning “Qorqit ota” spektakli bilan 32-ijodiy mavsumini boshladi.
Qoblanbek Qalilayev tomonidan sahnalashtirilgan spektaklda turkiy xalqlar o‘rtasida taniqli siymo Qorqit otaning hayot yo‘lidagi voqealar qo‘g‘irchoqlar orqali ifodalanadi. Ajal bilan olishib dunyo kezib, qobiz musiqa asbobini yaratadi va uni avlodlarga bir umrga meros qilib qoldiradi.
Spektakldagi Qorqit ota rolini Ching‘is Allambergenov, Qora shoh rolini Nursulton To‘rayev, otasi rolini Paraxat Kulimov, ko‘r chol rolini Shamsuddin Kalamov, shaytonlar rolini Ulmeken Qozoqboyeva, Nasiba Genjebekova va boshqalar ijro etgan.
– Yangi mavsumni tarixiy asar bilan boshlayapmiz, – deydi teatrning badiiy rahbari Qoblanbek Qalilayev. – Joriy yilning iyul oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi qo‘g‘irchoq teatrlarining an’anaviy XIII ko‘rik-festivalida ushbu asar bilan ishtirok etib, diplom bilan taqdirlandik. Bundan tashqari ijodiy mavsum davomida Saltanat Matkarimovaning “Yaxshilik qaytsin”, Murat Begimovning “Yangilanayotgan Mo‘ynoq” va boshqa qiziqarli spektakllarni namoyish etish rejalashtirilgan.
“Qorqit ota” spektakli jajji tomoshabinlarga zavq bag‘ishladi.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA