Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimiz hayoti uchun g‘oyat muhim masala – davlat xizmatini isloh qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun  bilan belgilanayotgan yangi tizim tajriba tariqasida Samarqand viloyati va Davlat soliq qo‘mitasida sinovdano‘tkazildi.

Samarqand viloyati hokimi va DSQ raisi yangi tizim orqali qanday natijalarga erishgani haqida axborot berdi.

Ularning hisobotini tinglab, davlatimiz rahbari yil yakunigacha ishga qabul qilishning ochiq tanlov tizimini barcha idoralarda joriy qilish topshirig‘ini berdi.

Buning uchun, ikki oy muddatda oliygohlar diplomlari va mehnat daftarchalarini mavjud elektron bazaga to‘liq kiritib, uni Tanlov elektron platformasiga integratsiya qilish vazifasi qo‘yildi.

Yil yakuniga qadar 4 mingta bo‘sh lavozimga tanlov o‘tkazish topshirildi.

–Har bir vazirlik va hokimlik kadrlar tanlashni oliygohlardan boshlashi zarur. Bu tajribani tizimli yo‘lga qo‘yish uchun har bir vazir va viloyat hokimi bir oy muddatda Yosh mutaxassislarni tanlash dasturini e’lon qiladi. Dastur doirasida oliygohlarning bitiruvchi kurslarida o‘qiyotgan qobiliyatli yoshlar saralanib, vazirlik va hokimlik tizimida stajirovka o‘taydi va o‘qishni tamomlagach, tanlov asosida ishga qabul qilinadi. Bunda, nafaqat o‘zimizdagi oliygoh talabalari, balki nufuzli xorijiy oliygohlarda o‘qiyotgan yoshlarimiz ham qamrab olinadi, – dedi Prezident.

O‘zA