Markaziy saylov komissiyasi referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining malakasini oshirish va faoliyati samaradorligini yaxshilash hamda referendum jarayonlari ishtirokchilarining huquqiy ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida bir qator tashkilotlar bilan hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Adliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Sudyalar oliy maktabi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Bosh prokuratura akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Bojxona instituti o‘rtasida tuzilgan kelishuv asosida hamkorlikda ish olib boriladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan joriy yilda o‘tkaziladigan referendum ilk marotaba “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonuniga kiritilgan yangi qoidalar asosida o‘tkaziladi.

Referendumni yuqori saviyada tashkil etish, umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar, ilg‘or milliy va xorijiy tajriba asosida o‘tkazish maqsadida referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashda tizimli seminar-treninglarni tashkil etish va ularni ilmiy-metodik jihatdan ta’minlash lozim.

MSK tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining referendum qonunchiligi va ovoz berishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimi hamda amaliy ko‘nikmasini oshirishga qaratilgan seminar-treninglarni tashkil etish va o‘tkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabi tuziladi.

Hamkor tashkilotlar mutaxassislari orasidan referendumga oid qonunchilik va amaliyot bo‘yicha yuqori malakali ekspertlar tarkibi shakllantiriladi. Mazkur shtablar ekspertlarining vakolat va vazifalari belgilanadi.

Seminar-treninglarni tashkil etish va o‘tkazish uch bosqichdan iborat bo‘ladi. Birinchi bosqichda tashkiliy-uslubiy ishlar amalga oshiriladi. Xususan, yuqori malakali ekspertlar tomonidan MSK bilan kelishilgan holda seminar-treninglarning o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallari  tayyorlanadi va tasdiqlanadi.

O‘z navbatida, respublika shtabi tomonidan – mamlakatning yetakchi oliy ta’lim tashkilotlari professor-o‘qituvchilari orasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining har biriga 6-8 nafardan jami 100 nafar respublika trenerlari tarkibi shakllantiriladi.

Hududiy shtablar tomonidan – respublikaning 208 tuman/shaharlari kesimida seminar-treninglarni tashkil qilish uchun, respublika shtabi tomonidan tayyorlangan reja jadvalida belgilangan miqdorda jami 972 nafar hududiy trenerlar tarkibi shakllantiriladi.

Ikkinchi bosqichda referendum qonunchiligi bo‘yicha hududiy trenerlar va referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zoligiga nomzodlarni (a’zolarni) o‘qitish tashkil etiladi.

Davlat boshqaruv akademiyasida yuqori malakali ekspertlar tomonidan 100 nafar respublika trenerlari uchun ikki kunlik o‘quv-dasturiga asosan seminar-treninglar o‘tkaziladi. Respublika trenerlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi,  viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida 972 nafar hududiy trenerlar uchun ikki kunlik o‘quv-dasturiga asosan seminar-treninglar o‘tkaziladi.

Shundan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan uchastka komissiyasi a’zoligiga (rais, rais o‘rinbosari, kotib) nomzod sifatida tavsiya etilgan jami 33 ming nafar tinglovchi ro‘yxati shakllantiriladi.

Hududiy trenerlar tomonidan tuman/shahar markazlarida referendum uchastkalari uchun mo‘ljallangan binolarda 18-24 nafar tinglovchidan iborat shakllantirilgan guruhlar kesimida interaktiv usullarda uchastka komissiyasi a’zoligiga nomzodlar o‘qitiladi.

Uchinchi bosqichda Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimida ishlash bo‘yicha trenerlar va referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zoligiga nomzodlarni o‘qitish tashkil etiladi.

N.Abduraimova, O‘zA