Farg‘onalik bir guruh nuroniy otaxonlar sog‘lom turmush tarzini va ommaviy sportni aholi orasida keng targ‘ib etish maqsadida erta tongdan “Farg‘ona – Buxoro – Qoraqalpog‘iston” yo‘nalishi bo‘yicha tashkil etilgan velomarafonda yo‘lga chiqdi.

Velosiped haydash inson sog‘ligi uchun koni foyda. U organizmning umumiy chidamliligini oshiradi, insonnning o‘zini yanada baquvvat, faolroq va kuchliroq his qilishiga ko‘maklashadi. Shu bois, viloyatda mazkur sport turi bilan shug‘ullanayotganlar soni yildan yilga ko‘payib bormoqda.

Mamlakatimizda turli yo‘nalishlar bo‘yicha velomarafon tashkil etish an’anaga aylanmoqda. Farg‘ona shahridagi “Samo” sport majmuasidan start olgan velomarafon ham shulardan biridir. Mazkur uzoq masofali velomarafonda viloyatning 36 nafar faxriy velosportchisi “Farg‘ona – Buxoro – Qoraqalpog‘iston” yo‘nalishi bo‘yicha safarga otlandi. Otaxonlar safarni Namangan, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand viloyatlari orqali amalga oshiradi.

Viloyat sport boshqarmasi tomonidan tadbir ishtirokchilarini sport formalari bilan ta’minlash hamda safar bilan bog‘liq sarf-xarajatlar uchun zaruriy yordam ko‘rsatildi.

Velomarafon Prezidentimizning 2021-yil 24-sentyabrdagi “Velosportni rivojlantirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilmoqda.

M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri