AQSH talabalarining G‘azo sektorida davom etayotgan harbiy to‘qnashuvga nisbatan noroziligi Garvarddan Janubiy Kaliforniyagacha bo‘lgan hududdagi ta’lim muassasalarini qamrab oldi. Namoyishchilar hukumatni Isroil harbiy amaliyotini moliyalashtirishdan bosh tortishga chaqirmoqda.

“Kazinform” yozishicha, aksiya Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti talabalari hibsga olinishi ortidan butun mamlakat bo‘ylab avj oldi va Yels, Nyu-York, Braun, Janubiy Kaliforniya, Garvard, Texas, Michigan, Massachusetsga tarqaldi.

Texas Xavfsizlik departamenti ma’lumotiga ko‘ra, Ostindagi universitetda 34 kishi qo‘lga olingan. Los-Anjeles politsiyasi, namoyishchilarni tarqatish to‘g‘risidagi buyruqqa binoan, Janubiy Kaliforniya universiteti kampusini o‘rab oldi. Ayrim talabalar tarqaldi, biroq 50 ga yaqin namoyishchi markaziy kampusni tark etishdan bosh tortgani uchun hibsga olindi.

Los-Anjelesdagi yahudiylar guruhi antisemitizm va kampusdagi G‘azo urushiga qarshi norozilikdan xavotir bildirdi. Los-Anjeles yahudiylari federatsiyasi bayonotida, jumladan, shunday deyilgan:

– Biz tinch fuqarolik muloqoti tarafdorimiz, ammo bu norozilik shu darajada kuchaydiki, kampusda yahudiylar uchun xavfli muhit yuzaga keldi.