Birlashgan Arab Amirligining Dubay shahrida yengil atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tkazilmoqda. Unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari muvaffaqiyatli start oldi va dastlabki kunda 2 ta oltin va 1 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Chempionatning balandlikka sakrash bahsida Barnoxon Sayfullayeva 1.83 metr natija qayd etib, oltin medalga ega chiqqan bo‘lsa, ushbu yo‘nalishda Emiliya Rudina bronza medalini qo‘lga kiritdi. Uch hatlab sakrashda Xushnoza Shavkatova terma jamoamiz hisobiga ikkinchi oltin medalni keltirdi.
Bugun, 25-aprel kuni Osiyo chempionatida yadro, bosqon va disk uloqtirish, 10000 metrga sport yurish, langar cho‘pga tayanib sakrash, uzunlikka sakrash, 5000, 400, 100 metr masofaga yugurish bo‘yicha final bahslari o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA