Qatarda 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tayotgan Osiyo kubogi chorak finalidan o‘rin olgan ikki bellashuv bo‘lib o‘tdi.

Dastlab, Yaponiya musobaqa mezboni Qatar termasini 4:2 hisobida yengdi va yarim finalga yo‘l oldi. Chorak finalning ikkinchi uchrashuvida Janubiy Koreya va Indoneziya olimpiya terma jamoalari o‘zaro raqobatlashdi.

O‘yinning asosiy daqiqalarida 2:2 hisobi qayd etildi. Ekstra taymlarda ham hisob o‘zgarmadi. Shundan so‘ng o‘yin g‘olibini penaltilar seriyasi aniqlab berdi. Unda Indoneziya 11:10 hisobida dahshatli futbol lotoreyasida Janubiy Koreyani  mag‘lub qildi va musobaqada sensatsiya hosil qildi.

Osiyo kubogining bugun, 26-aprel kuni o‘tadigan chorak final bahsida O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Saudiya Arabistoni bilan, Iroq esa Vetnam bilan o‘ynaydi. Bugungi uchrashuvda futbolchilarimiz g‘alaba qozonib, yarim finalga yo‘llanma olsa, final va “Parij-2024” ostonasida Indoneziya bilan o‘yin o‘tkazadi. Iroq – Vetnam juftligi g‘olibi esa Yaponiyaga qarshi maydonga chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, Temur Kapadze shogirdlari Saudiya Arabistoniga qarshi to‘liq oq libosda, darvozabonimiz esa qora libosda harakatlanadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 19:00da “Khalifa International” stadionida start oladi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA