175 davlat vakillari Ottavada yelim idishdan ifloslanishga qarshi kurash bo‘yicha global shartnomani imzolashga qaratilgan muzokarani boshlash uchun yig‘ildi. Olimlar ta’kidlashicha, plastik ifloslanish tog‘ cho‘qqisidan tortib, okean qa’rigacha va hatto, inson biologiyasi doirasida ham sayyoramizning har bir burchagini qamrab olmoqda.

BMT shafeligidagi muzokaraga raislik qilgan Luis Valdiveso fikricha, “Dunyo plastik ifloslanishdan xoli kelajakka erishish uchun zarur harakatdan, xalqaro hamkorlikni muvofiqlashtiradigan va boshqaradigan yangi shartnoma tuzilishidan umidvor”.

2022-yilda ayni muammoga qarshi global miqyosda kurashish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘ra boshlagan mamlakatlar oldida 2024-yil oxirigacha shartnoma loyihasini tasdiqlash majburiyati turibdi. Binobarin, asosiy ish endi boshlanyapti.

Muhim ahamiyat kasb etgan Ottava sammiti yil so‘ngida Janubiy Koreyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan muzokaraning yakuniy bosqichi oldidan hal qiluvchi yig‘ilish hisoblanadi.

Xalqaro shartnomada 2040-yilga kelib yelim idish ishlab chiqarishni 75 foiz qisqartirish ko‘zda tutilgan. Afsuski, plastmassa so‘nggi yigirma yil ichida ikki barobar ko‘paydi va yiliga 460 million tonnani tashkil etmoqda. Keyingi o‘n yillikda ushbu ko‘rsatkich yana uch karra oshishi taxmin qilingan. Plastik ifloslanish okean va iqlim uchun o‘ta jiddiy oqibatlarga olib kelishi esa allaqachon isbotlangan.

G.Sattorova, O‘zA