Britaniya va Qozog‘iston tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida imzolangan memorandumga muvofiq, Ostonada Britaniyaning “Queen’s University Belfast” oliy o‘quv yurti filiali ochiladi, Oksfordda esa qozoq tilini o‘qitish dasturi ishga tushiriladi.

***

​​Xitoy XAMAS va FATX rahbariyatini yaqin kunlarda mamlakatga taklif etmoqchi. Falastinning “Quds” axborot agentligi o‘z manbalariga tayanib shunday yozdi. Kuzatuvchilar bu xabar AQSH davlat kotibi Blinkenning Xitoyga tashrifi asnosida paydo bo‘lganiga e’tibor qaratmoqda.

FATX – dunyoviy milliy tashkilot bo‘lib, Iordan daryosi g‘arbiy qirg‘og‘ini qisman nazorat qiladi.

***

Turkiya olimlari sun’iy intellekt yordamida mamlakatga nisbatan josuslik faoliyatini aniqlaydigan loyiha ustida ish olib bormoqda, deb yozdi davlatga qarashli “Anadolu” agentligi.

– Turkiya osmonidan uchib o‘tadigan obyektni, jumladan kosmik apparat yoki yo‘ldoshni sun’iy ong orqali kuzatish mumkin, – deyilgan xabarda. – Bu josuslik faoliyatini aniqlash imkonini beradi.

Ta’kidlanishicha, loyiha mamlakat aeronavtika assotsiatsiyalari universiteti(TNK) tomonidan ilgari surilgan.

***

Buyuk Britaniya Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqilligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlash uchun 62 million dollar ajratadi.

– RF va XXR o‘rtasida kesishgan chiziq bo‘ylab joylashgan Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqilligi va suverenitetini himoya qilish birinchi darajali ahamiyatga ega, – deydi ushbu mamlakat parlamenti Tashqi ishlar qo‘mitasi rahbari Kerns qirollik tashqi ishlar vaziri Devid Kemeronning mintaqaga safariga baho berarkan. – 50 million funt miqdoridagi qo‘shimcha mablag‘ Britaniyaga mintaqada o‘z “yumshoq kuchi” va ta’sirini kuchaytirishga yordam berishi mumkin. Mazkur axborot Britaniya parlamenti saytida e’lon qilingan.

***

KXDR tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Yun Chjon Xo rahbarligidagi Shimoliy Koreya delegatsiyasi Eronga keldi, deb yozdi Markaziy telegraf agentligi.

“Voice of America” ma’lum qilishicha, Shimoliy Koreya va Eron anchadan buyon ballistik raketa yaratish dasturi bo‘yicha hamkorlikda gumonlanadi. Nashr taxminicha, bu ikki davlat raketa ishlab chiqarish uchun texnik qismlar va tajriba almashayotgan bo‘lishi mumkin.

***

AQSH Davlat departamenti Polshaga radiolokasiyaga qarshi boshqariladigan raketa sotish to‘g‘risidagi kelishuvni ma’qulladi, deya xabar tarqatdi Pentagon tarkibiga kiruvchi xavfsizlik sohasidagi hamkorlik bo‘yicha agentlik. Polsha hukumati Vashingtondan 360 dona “AARGM-ER” rusumli raketa, ushbu qurilma uchun zarur texnika vositalari, dasturiy ta’minot, ehtiyot qism, logistik xizmat va mazkur raketadan foydalanish bo‘yicha o‘qitishni so‘ragan.

***

Fransiya hukumati Parijda o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida terror harakati sodir etishga tayyorlanayotganlikda gumon qilingan 16 yoshli o‘smirni ushladi, deb xabar tarqatdi BFM TV.

– Parij aksil terror prokuraturasi Yuqori Savoyda 16 yoshli o‘smir qo‘lga olingandan keyin tergov boshladi, – deyilgan telekanal xabarida.

***

Chorshanba kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden xorijiy ittifoqchilar, xususan Ukrainaga yordam to‘g‘risidagi qonun loyihasini imzoladi. Mazkur yordam kongressda tasdiqlanishi uchun yarim yil vaqt ketdi.

Shundan keyin Prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan “Ukrainaga harbiy yordam yetkazishga zudlik bilan kirishiladi”, deya bayonot berdi.

***

Ispaniya huquqni ta’minlash idorasi vakillari qog‘ozbozlik natijasida gollandiyalik narkobaron-milliarderni tasodifan turmadan chiqarib yubordi, deb xabar tarqatdi  BBC.

“Mocro Maffia” narkokarteli yetakchisi Karim Buyaxrichan yanvar oyida Marbeleda qo‘lga olingan. U Niderlandiya talabiga ko‘ra, ushbu mamlakatga topshirilishi kerak edi. Afsuski, so‘rovnoma bo‘yicha tushunarsiz qog‘ozbozlik jarayonida tasodifan qamoqdan chiqarib yuborilgan. Shundan keyin mashhur jinoyatchi dom-daraksiz g‘oyib bo‘lgan. Ispaniya hukumati narkobaron qayta qo‘lga olinishiga umid qilmoqda.

***

Qirg‘izistonda rasman ro‘yxatda turgan ishsizlar soni 2024-yil 1-aprelgacha 84 ming kishini tashkil etdi, deyilgan Milliy satistika qo‘mitasi hisobotida.

Hujjatda keltirilishicha, ushbu ko‘rsatkich avvalgi yilning shu davriga nisbatan 15 foiz kam. Jami ro‘yxatga olingan ishsizlarning 44,7 foizi ayollar ekan.

S.Rahimov, O‘zA