Qoraqalpoq davlat Yosh tomoshabinlar teatrida Qirg‘iziston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Ch.Aytmatov nomidagi davlat mukofoti sovrindori Qayrat Imanaliyevning qalamiga mansub “Qorqit ota” spektaklining premerasi bo‘lib o‘tdi.
Iqtidorli yosh ijodkor Sultanbek Qallibekov tomonidan sahnalashtirilgan spektaklda bosh qahramon Qorqit orom topolmay, umrboqiy hayot izlaydi. Dunyoning qaysi chekkasiga borsa ham izidan ajal taqib qilib yurganini sezadi. Ajal bilan olishib dunyo kezib, qobiz musiqa asbobini yaratadi va uni avlodlarga bir umrga meros qilib qoldiradi.
Spektakldagi asosiy rollar – Qorqitning yoshligini Pozil Tolegenov, keksaligini Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Jigarboy Abdimov, onasi rolini O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Liza Xalqnazarova, boy Aybek Xojamuratov, farishta Rozi Piyazova, Qorqitning shogirdlari rolini Raxman O‘rinboyev, Navro‘z Aymuratov, Islom Begjanov va boshqalar ijro etgan.
Premeradan so‘ng qoraqalpog‘ va qirg‘iz xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlik rishtalari haqida so‘z bordi. Ch.Aytmatovning “Oq kema”, “Jamila”, Birinchi muallim” va boshqa asarlari qoraqalpoq tiliga tarjima qilinganining o‘zi qirg‘iz xalqiga, uning betakror adabiyoti va madaniyatiga bo‘lgan ulkan hurmatning yorqin ifodasidir.
Ch.Aytmatovning 90 yilligi munosabati bilan Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan “Aytmatov va teatr” xalqaro teatrlar festivalida Berdaq nomidagi akademik musiqali teatri jamoasi ham ishtirok etib, uchinchi o‘rinni egallab qaytdi.
“Qorqit ota” spektakli xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va madaniy munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA