Tahririyatlar va barcha jurnalistlar e’tiboriga


Alifbo va imloga munosabat har bir millatning yuksalganlik darajasini belgilab beruvchi eng muhim jihatlardan biri hisoblanadi. Avval ham yozganimizdek, alifbo va imloga oid ikkilanishlar kamol topayotgan avlod tafakkuri butunligiga putur yetkazadi. Biz yashab turgan jamiyatda mana shu ko‘zga ko‘rinmas muammoning ta’siri asta-sekin sezilmoqda. Bilimdon yoshlarning shaxs darajasiga ko‘tarilisholmayotganiga alifbo va imlo orqali ongga ko‘chayotgan ikkilanishlar ham sabab bo‘lmoqda. Albatta, alifbo va imloga taalluqli muammolarni birdan hal qilish qiyin. Ammo ayrim muammolarni e’tiborli bo‘lishning o‘zi bilan bartaraf etish imkoni mavjud. Bu o‘rinda biz 1995-yil 24-avgustda tasdiqlangan imlo qoidalarining 71- va 74-moddasi bilan bog‘liq muammolarni nazarda tutmoqdamiz. 

Gap shundaki, yangi imlo qoidalarining 71-moddasi oxirgi xatboshisida vazirliklar va idoralar, korxonalar va tashkilotlar nomi tarkibidagi birinchi so‘z bosh harf bilan yozilishi ta’kidlangan va Fanlar akademiyasi, Tilshunoslik instituti kabi misollar keltirilgan.

Demak, bu o‘rinda vazirliklar va idoralar, korxonalar va tashkilotlar nomi oldidan keladigan joy nomlari nazarda tutilmagan. Mazkur moddaga muvofiq, yuqoridagi misollar kengaytirilgan holda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, O‘zFA Tilshunoslik instituti, deb yozilishi kerak. Modda va misollarga tayanib boshqa oliy o‘quv yurtlarining nomlarini qanday yozish kerakligini bilib olamiz. Masalan: O‘zbekiston Milliy universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Toshkent Davlat Texnika universiteti kabi. Bir qarashda hammasi risoladagidek. Biroq faktlarga murojaat qilsak, boshqacha manzaraga guvoh bo‘lamiz. Afsuski, deyarli, barcha nashrlar oliy o‘quv yurti nomlari imlosida faqat joy nomlarini bosh harflar bilan yozishmoqda. Masalan: Toshkent davlat o‘zbek tili va adbiyoti universiteti, Urganch davlat universiteti kabi. Shu tariqa 71-moddaning oxirgi xatboshisidagi qoida buzilmoqda. Hamkasblarimizni bu xususda ogohlantirganimizda ular yangi imlo qoidalarining 74-moddasini ro‘kach qilishmoqda. O‘sha moddada ToshDTU qisqartma oti Toshkent davlat texnika universiteti tarzida yozib qo‘yilgan.

Ko‘rinib turibdiki, ikki modda bir-birini inkor etmoqda va biror moddada mamlakat miqyosidagi tashkilotlar nomidagi «Davlat» so‘zi, rasmiy hujjatlardagi «Qonun», «Farmon», «Qaror» kabi so‘zlar bosh harf bilan boshlanishi eslatilmagan. O‘ylaymizki, yuqorida tilga olingan muammolar jamoatchilik e’tiboridan chetda qolmaydi va yuksak taraqqiyot sari talpinayotgan tilimiz musaffoligi uchun harakatlar bardavom bo‘ladi.

Muhammad Vali
«Repetitor» gazetasi loyiha muallifi. 

 

O‘zA