O‘zbekiston davlat konservatoriyasi – 85 yoshda
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi tashkil etilganiga 85 yil to‘ldi. Ushbu san’at maskani o‘zbek va dunyo musiqasini targ‘ib etish, soha uchun yuqori intellektual salohiyatli, iste’dodli musiqachilarni yetishtirishda muhim sarchashma vazifasini o‘tamoqda.
Poytaxtimizda ushbu oliy musiqa o‘quv dargohi tashkil etilganining 85 yillik yubileyi SHHTga a’zo davlatlar musiqiy oliy ta’lim muassasalari rektorlarining birinchi forumi bilan uyg‘un tarzda o‘tkazildi. Uning doirasidagi anjuman, ijodiy muloqot va uchrashuvlar, yirik forumlarning o‘ziga xos sarhisobi sifatida ochiq osmon ostidagi konsert tadbir qatnashchilari, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning vakillari, musiqashunos, kompozitorlarni o‘ziga chorladi.
Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston davlat konservatoriyasi tashkil etilganining 85 yilligi munosabati bilan tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari –O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.
Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston davlat konservatoriyasi tashkil etilganining 85 yilligi munosabati bilan professor-o‘qituvchilardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, ushbu oliy o‘quv yurtining bir guruh professor-o‘qituvchilari, musiqashunoslar, iqtidorli talabalari Vatanimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlandi. Ularga mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov topshirdi.
Aytish joizki, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi haqli ravishda Markaziy Osiyodagi eng qadimiy oliy musiqa ta’limi muassasasi hisoblanadi. Ushbu bilim dargohi ko‘p yillar davomida mintaqadagi yagona musiqa oliy ta’lim muassasasi bo‘lgan. Konservatoriya tarixi juda boy va mazmunli. Bu yerda O‘zbekiston musiqa madaniyatining ko‘plab taniqli namoyandalari, professional san’at va musiqa ilmining darg‘alari faoliyat yuritgani diqqatga sazovordir.
O‘tgan yillar davomida ushbu oliy ta’lim dargohida milliy va jahon musiqa san’atini mukammal o‘rganish, targ‘ib etish, bu yo‘nalishda chuqur tadqiqotlar olib borish bo‘yicha o‘ziga xos ijodiy platforma yaratildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ustoz kompozitorlar Muxtor Ashrafiy, Yunus Rajabiy, Georgiy Mushel, Turg‘un Alimatov, Zohid Haqnazarov, Ofeliya Yusupova, Saodat Qobulova, Ilyos Akbarov va yana ko‘plab fidoyi musiqachilarimiz, olimlarimiz ushbu bilim dargohining nufuzini yuksaltirishda, yangi iste’dod sohiblarini aniqlash va kashf etishda munosib hissa qo‘shdilar.
Mazkur oliy o‘quv yurtini tamomlagan mutaxassislar, musiqachilar, dirijyorlar mumtoz va miliy musiqa sohasida mamlakatimiz hamda ko‘plab xorijiy davlatlarda samarali pedagogik, ijodiy faoliyat olib bormoqda. Ayni damda O‘zbekiston davlat konservatoriyasining talabalari jahondagi nufuzli xalqaro tanlovlar, san’at festivallarida muvaffaqiyat qozonmoqda.
Keyingi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yangi yo‘nalishda ta’lim beradigan bir qator musiqiy oliy o‘quv yurtlari tashkil etildi, mavjudlaridagi sharoitlar zamon talablari darajasiga keltirilmoqda.
Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti va boshqa bir qator san’at oliy ta’lim dargohlari aynan ushbu oliy o‘quv dargohi negizida paydo bo‘lgan ma’rifiy poydevor asosida shakllandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
SHHTga a’zo davlatlar musiqiy oliy ta’lim muassasalari rektorlarining birinchi forumi ishtirokchilari O‘zbekiston davlat konservatoriyasi misolida mamlakatimizda musiqa ta’limiga qaratilayotgan amaliy e’tibor bilan tanishdilar. Aytish joizki, mazkur forumning o‘tkazilishi O‘zbekiston musiqa ta’limi rivojini yangi bosqichga olib chiqib, hamkorlar bilan birgalikda ta’lim tizimida zamonaviy yo‘nalishlar ochish, SHHT davlatlari o‘qituvchilarining oliy o‘quv yurtlararo malakasi va tajribasini oshirish, do‘stona aloqalarni mustahkamlash imkonini bergani bilan ahamiyatli bo‘lgani aniq.
…Mumtoz musiqaning mo‘’jizakor ohanglari yangraydi. Ochiq osmon ostida o‘tkazilgan musiqiy tadbirda jahon va o‘zbek kompozitorlarining eng sara asarlari mehmonlar, san’at ixlosmandlari e’tiboriga havola etildi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari Abdujabbor Abduvohidov, Xayriddin Sultonov ishtirok etdi.
Nazokat USMONOVA, O‘zA muxbiri