Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar sog‘liqni saqlash vazirlarining beshinchi yig‘ilishi davomida sohaga oid muhim taklif, tashabbuslar ilgari surildi.
Tomonlar SHHT nizomi va boshqa hujjatlardan kelib chiqqan holda, hukumatlar o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimda belgilangan kelishuvlarni amalga oshirish va har tomonlama rivojlantirishga kelishib oldilar.
Muloqot yakunida a’zo davlatlar aholisining sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini rivojlantirish, yuqumli va yuqumli bo‘lmagan xastaliklar tarqalishiga qarshi kurashish, bunday kasalliklarni erta aniqlash, davolash va reabilitatsiya qilish yo‘nalishlarida sheriklikni izchil davom ettirish taklifi bir ovozdan maqullandi.
Tashkilot doirasida koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha tajriba almashish va rivojlanayotgan mamlakatlarda vaksina kabi ijtimoiy mahsulotdan foydalanishni rag‘batlantirish zarurligi ta’kidlandi. Tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish uchun texnik almashinuvni kuchaytirish taklif etildi.
Yig‘ilishda, shuningdek, reproduktiv salomatlik, COVID-19dan keyingi reabilitatsiya, SHHTga a’zo davlatlar yetakchi tibbiyot markazlari hamkorligini mustahkamlash, emlash sertifikatlarini o‘zaro tan olish, koronavirus infeksiyasi profilaktikasi, diagnostikasi va ilg‘or muolaja usullarini tatbiq etish yo‘nalishida tajriba almashish istiqboli belgilandi.
– 2022 yil SHHT doirasida ko‘plab kasalliklarning oldini olish va xastaliklarga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni davom ettirishga qaratilgan ayrim hujjatlar qabul qilinadi, – dedi tadbirda onlayn tarzda ishtirok etgan tashkilot bosh kotibi Chjan Min. – Amaliy harakat orqali tuzilmamiz o‘z siyosiy salohiyatini epidemiyaga qarshi global kurashda ham namoyon etdi. Virusga qarshi umumiy yo‘nalishni belgilashda xalqaro hamjamiyatga yordam berdi.
Xalq tabobati sohasida ham tibbiyot muassasalari hamkorligini izchil rivojlantirish, a’zo davlatlar tibbiy kasb-hunar markazlari faoliyatini muvofiqlashtirish, yuqumli va surunkali kasalliklarning oldini olish, bunday xsataliklarni nazorat qilish, tibbiy tadqiqot olib borish, ona va bola salomatligini muhofaza etish kabi ustuvor sohalardagi harakatlar sur’atini oshirish to‘g‘risida fikr bildirildi.
Bundan tashqari, teletibbiyot texnologiyasini qo‘llash, xalq tabobati, farmatsevtika va sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislari malakasini oshirish borasidagi sa’y-harakatni birlashtirishga kelishib olindi.
– Salomatlik rivojlanishning asosiy tarkibiy qismi, – dedi mamlakatimiz sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev. – sohada yaqin hamkorlikni mustahkamlash, mohiyatan, davom etadi. Bu sifatli tibbiy yordamdan foydalanish imkonini oshiradi.
Tomonlar teletibbiyot sohasidagi hamkorlik konsepsiyasi va yetakchi tibbiyot markazlari bilan yuqumli kasalliklarning oldini olish va bemorlarni davolash, COVID-19dan keyingi reabilitatsiya jarayonida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasini ko‘rib chiqdi va ma’qulladi.
Anjuman nihoyasida yakuniy bayon qabul qilindi.
Behruz Xudoyberdiyev,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA