FOTOREPORTAJ
Nukus shahrida I. V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida “Orolbo‘yi arxeologiyasida V. N. Yagodinning ilmiy merosi” nomli ko‘rgazmasi ochildi.
Ko‘rgazmada O‘rta Osiyodagi eng qadimiy oromiy (aramey) alifbosidagi yozuv, qabrdan chiqqan bronzadan yasalgan qozon, bronza oyna qoldiqlari, o‘rta asrlarda qimmatbaho suyuqliklarni tashish uchun qo‘llanilgan maxsus sopol idish (simob ko‘zacha), turli xil munchoqlar va o‘rta asr shisha buyumlari namoyish etilmoqda. Ko‘rgazma Qoraqalpog‘iston arxeologiya ilmiy maktabi asoschilaridan biri, tarix fanlari doktori V. N. Yagodin (1932-2016 y.)ga bag‘ishlanadi.
Yagodin hayotining asosiy qismini quyi Amudaryo arxeologiyasi va Kerder madaniyati muammolarini o‘rganishga bag‘ishladi va Mizdakxon, To‘qqal’a, Xayvanqal’a, Kuyukqal’a, Ustyurtning dastlabki ko‘chmanchilari yodgorliklarida ilmiy izlanishlar olib bordi. Uning mehnati davlatimi tomonidan munosib baholanib, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
Ko‘rgazma doirasida V. N. Yagodinning hayoti va ilmiy yutuqlariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda yurtimizning atoqli arxeolog olimlari, talabalar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat) O‘zA