Nukusda yoshlar o‘rtasida sport va ijod sohalariga qiziquvchi iqtidorlarni aniqlash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida “5 tashabbus harakati Nukus 2022” shiori ostida forum bo‘lib o‘tdi.

Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu forum doirasida sportning yengil atletika, mini futbol, shaxmat-shashka, stol tennisi, street workout, badminton, kibersport turlaridan musobaqalar, shuningdek “Fashion night” modalar ko‘rgazmasi va “Bilim ring” intellektual o‘yini tashkil qilindi.

Ikki kun davom etgan forum yakunida g‘olib sportchi va jamoalar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.

Nukus shahar markazida joylashgan I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi qoshidagi maydonda katta gala konsert namoyish etildi. Unda o‘zbek va qoraqalpoq estradasi yulduzlari, san’atkorlar ishtirok etdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov, Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayev ishtirok etdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA